English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z xorijda ham keng nishonlandi
14:54 / 2024-03-25

Bahoriy bayram – Navro‘z nafaqat mamlakatimizda balki, butun dunyo bo‘ylab nishonlandi. Jumladan, O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Vena shahrida uyushtirilgan tantanali kecha yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

“Society” jurnali hamda Afg‘oniston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Iroq, Eron elchixonalari hamkorligida Venadagi “Xofburg” saroyida tashkil etilgan tadbirda Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar federal vazirligi rasmiylari, siyosiy, ilmiy-akademik va biznes doira vakillari, Vena shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus xodimlari va vatandoshlarimiz – jami 300 dan ziyod kishi ishtirok etdi.

Anjumanning rasmiy qismida diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ushbu bahor ayyomining tarixi va ahamiyati, o‘z davlatlaridagi urf-odat va an’analar, rasm-rusumlar to‘g‘risida gapirishdi.

Xususan, mamlakatimiz elchisi Baxtiyor Ibragimov yig‘ilganlarni qutlarkan, Navro‘z O‘zbekistonda keng nishonlanishini ta’kidlab, diyorimizning turistik salohiyati haqida ham ma’lumot berdi. Shuningdek, barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarga to‘xtalib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan yo‘nalishlar, asosiy maqsadlar bilan o‘rtoqlashdi.

Madaniy qismda konsert dasturi namoyish etildi, ishtirokchilar o‘zbek palovi, somsa va boshqa milliy taomlarimizdan bahramand bo‘lishdi.

***

Tailandda ham bayram “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida nishonlandi.

Bosh konsulxonamizda siyosiy, madaniy va ishbilarmon doira vakillari hamda vatandoshlar ishtirokida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda yasharish va yangilanish ayyomi – xalqimizga xos do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevarlik kabi olijanob qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z haqida atroflicha ma’lumot taqdim etildi. Bundan tashqari O‘zbekiston va Tailand, shuningdek mazkur konsullikka qarashli Kamboja, Laos va Myanma davlatlari bilan munosabatni siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish, o‘zaro fuqarolar tashrifini yengillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot taqdim etildi.
Milliy taomlarimiz bilan boyitilgan iftorlik dasturxoni yozildi.

***

O‘monda Navro‘z ayyomi munosabati bilan tashkil qilingan bayram tadbiriga ushbu mamlakatda doimiy va vaqtincha yashayotgan vatandoshlarimiz qatnashdi. Ishtirokchilarga jamiyatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasidagi muhim ishlar haqida so‘zlab berildi.

Sulton Kobus universiteti professori Erkinjon Karimov oxirgi yetti yil davomida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar barcha jabhada samara berayotganini qayd etdi.

O‘mondagi hamyurtlarimiz bilan kelgusida o‘zbek milliy madaniyati va tarixi hamda turizm salohiyatiga oid turli tadbirlarni birgalikda tashkil etishga kelishib olindi.

G.Sattorova,
O‘zA