Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda Navro‘z ayyomi munosabati bilan O‘zA orqali yurtdoshlarimizga tabrik yo‘lladi.
– Xalqaro Navro‘z kuni tabiatning yangilanishi, go‘zal hayot tantanasi ramzidir. Ushbu ayyom insonlarga umid va quvonch baxsh etadi.
Tarixi qadim o‘tmishga taqaladigan Navro‘z “Shohnoma” dostonida Shoh Jamshid saltanatining boshlanishi bilan bog‘lanadi. “Navro‘z” so‘zi ilk bor milodiy ikkinchi asrda fors-tojik manbalarida paydo bo‘lgan, biroq bayram, taxminan, miloddan avvalgi 648-330 yillarda Ahmoniylar sulolasi davrida ham nishonlangan.
Tojik mumtoz adabiyoti asoschisi Abu Abdulloh Rudakiydan hozirgi zamon adiblargacha Navro‘zning go‘zalligi, ulug‘vorligi tarannum etilgan ko‘plab she’r, qo‘shiq, dostonlar bitishgan.
Navro‘z bilan bog‘liq urf-odat, marosimlar qadimdan xalqimiz hayotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu bois, bu bayramni ajdodlar an’anasi sifatida hurmat qilish har birimizning burchimizdir.
Mustaqillikdan so‘ng mamlakatlarimiz Navro‘zni o‘zgacha tusda bayram sifatida nishonlay boshlashdi. bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan ushbu o‘ziga xos ayyom xalqaro miqyosda shuhrat qozondi.
Tojikistonda ham davlat mustaqilligi sharofati bilan hamda Tinchlik va milliy birlik asroschisi – millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning doimiy sa’y-harakatlari tufayli Navro‘z qayta tiklanib, yangicha ko‘rk, ulug‘vorlik kasb etib, ayni payt xalqaro mavqega ega buyuk milliy bayramga aylandi.
Madaniyati va falsafasi dunyo xalqlarini ezgulik, bunyodkorlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikka undashi hisobga olinib, 2009 yil Navro‘z YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bir yildan so‘ng, ya’ni 2010 yilda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 21 martni madaniy merosni asrash va rivojlantirishga xizmat qiladigan “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qildi.
Navro‘zning xalqaro bayram sifatida BMT darajasida e’tirof etilishi tasodif emas. Ushbu muhim tashabbus zamonaviy sivilizatsiya rivojining ezgu ramzi bo‘libgina qolmay, bugungi kunda dunyo eng yuksak ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarga har qachongidan ko‘ra ko‘proq muhtojligining in’ikosi sifatida namoyon bo‘ldi.
Gullab-yashnash, yorqin umid, yanglanish timsoli bo‘lgan ko‘klam va yasharish bayrami – Navro‘z mamlakatlarimizda yildan-yilga tobora keng miqyosda nishonlanmoqda. Har yili ushbu bayram arafasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Xalqaro Navro‘z bayrami va yangi milliy yil ramzlarini tasdiqlaydi.
Tojikistonda Navro‘zga oldindan, eng avvalo, ma’naviy jihatdan tayyorgarlik ko‘riladi. Bayram kunlari xafagarchilik unutiladi, insonlar poklik ramzi sifatida toza kiyim kiyishadi. Shu kuni shaharliklar bayram tantanasini ko‘rish uchun asosiy maydonga oshiqadi. Qishloqlarda Navro‘zni poyga va milliy musobaqasiz, kabutarlar parvozisiz, varrak saylisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Albatta, mehmonlar uchun yozilgan bayram dasturxoni Navro‘zning asosiy xususiyati sanaladi. Ushbu dasturxonni hosildor tabiat, sog‘lom taom timsoli bo‘lgan turli o‘tlardan an’anaviy ovqatlar bezaydi.
Haft sin va haft shin Navro‘zning an’anaviy marosimidir. Haft sin S harfidan boshlanadigan yetti unsurdan tashkil topgan. Haft shin ham Sh harfida boshlanadigan yetti elementdan iborat.
Aytish mumkin, Navro‘z insonlarda eng go‘zal fazilatlarni uyg‘otadigan ajoyib bayram. Shu bilan birga tinchlik, farovonlik yo‘lida insonlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirishga da’vat ham.
Navro‘z – Sharq xalqlarining milliy qadriyati bo‘lib, do‘stlik va hamjihatlikni, tinchlikni, millat va elatlar birdamligini mujassam etadi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki madaniy aloqalar ham mavjud. Bizning tariximiz, taqdirimiz mushtarak. Shu bois, ikki qardosh xalq munosabati yil sayin mustahkamlanmoqda.
Umid qilamizki, abadiy do‘stona qardoshlik munosabati Tojikiston va O‘zbekiston xalqlari farovonligi yo‘lida rivojlanib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu ajoyib bayram bilan qutlayman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt, yurtga farovonlik, qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik-omonlik tilayman.
O‘zA