French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z — xalqlar birdamligi bayrami
15:51 / 2021-03-18

Navro‘z qadimiy qadriyat, boy falsafaga ega bahor ayyomidir. Hayotbaxsh Navro‘zni nafaqat o‘zbeklar, balki ko‘p millatli diyorimizda biz bilan birga yashab, birga nafas olayotgan, millatlari turfayu maqsadlari yagona bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham katta taraddud bilan qarshilaydi.

Zero, bizning Vatanimizda Navro‘z barchaga barobar go‘zallik va nafosat, ezgulik va saxovat, do‘stlik va hamjihatlik bayrami sifatida yangidan qadr topdi.  

Hozir mamlakatimizda 147 ta milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning tashabbuslari bilan yurtimizning turli hududlarida Navro‘z sayillari bo‘lib o‘tmoqda. Masalan, qozoq va qirg‘iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz qiz quvdi, ko‘pkari o‘yinlari va xalq oqinlarining aytishuvlarini uyushtirsa, tojiklarimiz sumalak doshqozonlari atrofida mushoira va bahru baytlar, yor-yoru laparlar aytishib, ko‘ngillarni zavqqa to‘ldirayapti.  

Turk birodarlarimiz keng maydonlar va tog‘ yon bag‘irlaridagi go‘zal xiyobonlarda bahor ayyomini bayram qilmoqda. Bunday bazmlarda kattayu kichik, yoshu qari, erkagu ayol, hamma-hamma davrani keng olib, qo‘l ushlashib raqsga tushadi. Davraning qoq o‘rtasida cholg‘uvchilar dovul (nog‘ora), zurna (surnay) chalib, bor mahoratlari bilan chor atrofni musiqa sadolari ila obod qiladi. Bazmda albatta turkcha palov damlanadi. Ziyofatdan so‘ng esa barcha ishtirokchilarga bayram sovg‘alari ulashiladi.

Ozarbayjon do‘stlarimiz Navro‘z arafasidagi oxirgi chorshanba kuni albatta osh damlaydilar va uni uzoq-yaqindagi yoru do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilari bilan birga baham ko‘radilar. Ozarbayjon bolalari esa xuddi ro‘za oyida ramazon aytib kelgan bolalardek maxsus qopchiqlar bilan duch kelgan xonadonga tashrif buyuradilar-da, Navro‘z urfiga ko‘ra qopchiqni eshik ichkarisiga kiritib qo‘yib, o‘zlari yashirinib turadilar. Qopchiqni ko‘rgan xonadon egalari uni o‘zlarida bor meva-cheva va shirinliklar bilan to‘ldirib, tashqariga chiqarib beradi.

Navro‘z barcha qatori turli millat vakillarini ham xayru saxovat ishlariga da’vat etmoqda. Ular ham Navro‘z kunlarida nogironlarga, bemoru nochor kishilarga saxovat ko‘rsatadi, ularning holidan xabar olib, imkon darajasida moddiy va ma’naviy yordam beradi. Milliy-madaniy markazlar esa muayyan Mehribonlik uylariga, yordamga muhtoj oilalarga homiylar orqali xayriya yordamlari uyushtiradi.

Tojik, qirg‘iz, turk, qozoq, turkman, ozarbayjon, tatar, boshqird kabi qadim tomirlari tutash millatlarning urf-odatida bir-biriga yaqin jihatlar ko‘p. Navro‘z udumlarida ham ayni o‘sha bir xillik va o‘zaro yaqinlikning go‘zal ifodalarini ko‘ramiz.

Ular ham Navro‘z bahona o‘zlarining qadim ajdodlari urflariga qayta hayot baxsh etmoqda. Ko‘pkari, qiz quvdi, askiyalar, aytishuvlar, kelin salomlaru mushoiralar, dor o‘yinlariyu bellashuvlar – bularning hammasi insoniyatning g‘ayrati, shijoati, qalb go‘zalligidan darak berguvchi bebaho udumlar, qolaversa, yurtimizdagi yaxshilik, do‘stlik va hamjihatlik namoyishidir.

Ana shunday lahzalarda yurtboshimizning "Shu muqaddas zaminda istiqomat qiluvchi har bir inson o‘zini erkin, baxtiyor his qilsin", degan ulug‘ istaklari naqadar chuqur mazmunga va shu qadar katta qudratga ega ekanini yurak-yurakdan his etamiz.

Ha, inson buyuk. Inson aziz. Unga shunday beg‘araz, mehrli va e’zozli nigoh bilan qaralganda, u qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, Tangrining tengsiz yaratmishi, go‘zalliklar va yaxshiliklar ramziga aylanadi.

O‘zbekiston Navro‘zi ana shunday ezguliklar timsolidir. U shunchaki namoyish, shunchaki bayram emas, balki odamning insoniy tuyg‘ulariga quvvat berguvchi, ularni yaqinlashtirguvchi, jipslashtirguvchi, yagona Vatan tuyg‘usini mustahkamlaguvchi bebaho omildir.

 

G‘ayratilla Shukurov,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Millatlararo munosabatlar va  

xorijiy mamlakatlar bilan  

do‘stlik aloqalari qo‘mitasi matbuot kotibi