Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatining “Yangi Andijon” massivida ham Navro‘z shodiyonalari davom etmoqda.
Chor atrofda bahoriy kayfiyat, ruhiy yangilanish, mehr-oqibat, yaratuvchanlik hamda bunyodkorlik g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan shiorlar va pannolar. Insonlar ko‘nglida baxtiyor yashashga, orzu-umidlarni ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan ishonchu intilish yanada ortgan. Bayram shukuhidan har birimizga ezgu maqsad yo‘lida yangicha quch-g‘ayrat inadi. Zero, tabiatdagi yangilanishlar odamlar diliga ham ko‘chgani kabi har bir yurtdoshimizning jismida shijoat balqib turibdi. Bu esa o‘z-o‘zidan ularni yangidan-yangi marralar sari undashi tabiiy.
Bayramda viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov ishtirok etib, viloyat ahliga sog‘lik-salomatlik, xush kayfiyat tiladi.
Hududda tashkil etilgan yarmarkalarda turli mahsulotlar muhayyo etilgan. Doshqozonlarda sumalak pishayotgan bo‘lsa, mohir oshpazlar bayram qatnashchilariga bahor taomlaridan ulashmoqda.
Bir tomonda xalqimizning asrlar bo‘yi davom etib kelayotgan milliy an’analari, bir tarafda milliy sport o‘yinlari namoyishi avjida. Dorbozlarning aqlni shoshiruvchi harakatlariga mahliyo bo‘lib turganingizda san’atkorlarning bahoriy ohanglari yanada maftun etadi.
[gallery-6342]
Bayram dasturi, ayniqsa, folklor-etnografik jamoalar ijrosidagi lapar, o‘lan, yallalar dillarni xushnud etadi. Qadimiy xalq ohanglari mumtoz va zamonaviy navolarga ulandi.
Havaskor kichkintoylarning chiqishlari ko‘pchilikka manzur bo‘lib, bolajonlarning yuz-ko‘zidagi beg‘uborlik, bahordek soflik va tiniqlik yoshu keksaning ko‘ngliga iliqlik olib kiradi.
bugungi sayilda ham arqon tortish, chillak, kurash, kabi milliy sport o‘yinlari qiziqarli tarzda davom etdi, milliy liboslar, hunarmandchilik ashyolari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Sayilgohga ko‘pchilik farzandlari bilan birga kelishgani ham kishiga xush kayfiyat bag‘ishladi, keksa otaxon-onaxonlar esa nevara-evaralarini yetaklab olgan. Kishi diqqatini darhol tortadigan yana bir holat – daha ustidagi osmon bahor elchilari hisoblanmish varraklar bilan to‘la. Ularni zavq bilan uchirayotgan bolajonlarning xursandchiligini aytmaysizmi?!
Zuhriddin UMURZOQOV, O‘zA