Buxoro shahridan 12 kilometr uzoqlikdagi, ko‘pmillatli temiryo‘lchilar shahri Kogonda bugunga kelib 22 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 66 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Sanoatchilar shahrida aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, odamlarga daromad manbaini yaratish maqsadida ayni kunda 126 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 9 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish sub’ektlaridir. Muhimi, ularda yuzlab yurtdoshlarimiz mehnat qilib, moddiy manfaat ko‘rmoqda.
Buxoro viloyati Kogon shahrining “Yoshlik” sport majmuasida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘zi olam!” shiori ostida xalq sayillari, konsert tomoshalari bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik va mehr-oqibat tuyg‘ularini namoyon etish, har birimizni xayrli va savobli ishlarni ko‘proq amalga oshirishga undamoqda.

Jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash maqsadida ayni Navro‘z ayyomi kunlarida Kogon shahar “Mahalla” jamoat fondi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolg‘iz, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning yuzdan oshig‘i holidan xabar olinib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilmoqda.


Bayram tadbirida Kogon shahar hokimi, mutasaddilar, jamoatchilik vakillari barchani Navro‘zi olam ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi. Hududda borayotgan yangilanish va bunyodkorlik ishlari, erishilayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Zero, bu shodiyona ko‘ngillardagi xotirjamlik, tinchlik ne’matidan bahra olib, shunday dorilamon kunlarga eson-omon yetganimizning shukronasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri