Shu kunlarda Samarqand viloyati tuman va shaharlarida ham Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Bayram sayillarida ushbu qadimiy bayramga xos ezgu an’ana va qadriyatlar namoyish etilmoqda, xalq o‘yinlari va sport musobaqalari, ko‘rgazmalar uyushtirilmoqda.
Viloyatning asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida umumxalq sayli tarzida o‘tkazildi.
Bog‘ va unga tutash hududda shahardagi mahallalar, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari, viloyatdagi milliy madaniyat markazlari tomonidan bayram tomoshalari, turli ko‘rgazmalar, konsert dasturlari namoyish etildi.
Alisher Navoiy ko‘chasida gastronomik festival o‘tkazilib, unda 20 ga yaqin oshpaz kabob, palov, xalisa va boshqa milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatdi. Tadbir davomida tayyorlangan taomlar sayil ishtirokchilariga iftorlik uchun tarqatildi.
[gallery-22371]
– Navro‘zni milliy taomlarsiz, ayniqsa, sumalaksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi Gulmira Jiyanova. – Bugungi xalq saylida biz tibbiyot xodimlari doshqozonlarda sumalak va osh tayyorladik. Bu milliy taomlarni tadbir ishtirokchilariga ulashyapmiz.
Viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, faollar ko‘rgazmalarni tomosha qilib, sayil qatnashchilarini bayram bilan tabrikladilar.
Bog‘dagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida bayram munosabati bilan badiiy dastur namoyish etildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, viloyat ahlini bayram bilan tabrikladi.
– Navro‘z azal-azaldan xalqimizning o‘lmas an’analari mujassam bo‘lgan ayyomdir, – dedi viloyat rahbari. – Bu bayram hamma davrda ham aholi tomonidan chinakam milliy qadriyat sifatida e’zozlangan. Alloma ajdodlarimiz asarlarida Navro‘z falsafasi, uning mohiyati juda ko‘p va keng talqin qilingan. Bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibatning yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Sharqona yangi yil barchamiz uchun, viloyatimiz uchun qut-barakali, omadli yil bo‘lsin!
Navro‘z saylida xorijlik mehmonlar ham ishtirok etib, xalqimizning o‘zi xos urf-odat va an’analari, marosimlariga guvoh bo‘ldilar.
– Bugun o‘zbek xalqining milliy bayrami – Navro‘zda ishtirok etayotganimdan xursandman, – deydi fransiyalik sayyoh Florans Beku. – Milliy o‘yinlarni, dorbozlarning chiqishlarini tomosha qilib, kelin salom va laparlarni eshitib juda katta tassurotlarga ega bo‘ldim. Odamlarning samimiy va ochiq ko‘ngilligi, mehmondo‘stligini ta’riflashga til ojiz. Navro‘z juda go‘zal bayram ekan.
Bayram tadbirlari viloyatning shahar va qishloqlarida davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari