Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z sayllari haqida xorijliklar taassuroti…
21:34 / 2024-03-21

Samarqand davlat universitetida Navro‘z tantanalari bugun erta tongdan boshlanib, tantanalar bayram sayllariga ulanib ketdi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, betakror raqslar, o‘zbek taomlari va liboslari namoyishi xorijlik mehmonlarda ham katta taassurot qoldirdi.

Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida Xitoy, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchi va talabalar Navro‘z bayramini kutib oldi.

Arindan Banik (Hindiston), Samarqand davlat universiteti professori:

 — Men Navro‘z bayramida ilk bor ishtirok etdim. Hindistonda Navro‘z nishonlanmaydi, lekin 25-mart kuni shunga o‘xshash bayram — Holi ranglar festivali tantanali o‘tkaziladi. Navro‘z va Holi bayrami bahorning kirib kelishi bilan nishonlanadi, shu jihati bilan bir-biriga o‘xshaydi. O‘zbekistonda yangi yil yanvar oyida bo‘ladi, deb bilardim, lekin aslida Navro‘z kirib kelishi bilan yil boshlanishi meni hayratlantirdi. Bugun bayramni qizg‘in nishonladik. Barcha quvnoq kayfiyatda. Samarqandda hindistonliklar juda ko‘p. Bugun bayram bahonasida o‘nlab yurtdoshlarimizni ko‘rib sevindim. O‘zbekiston xalqiga bayram muborak bo‘lsin!

Yekaterina Fedosenko (Rossiya), Samarqand davlat universiteti Psixologiya kafedrasi professori:

– O‘zbekistonga kelganimdan beri ko‘p bayram tadbirlarida ishtirok etdim. Navro‘z ular ichida eng go‘zali ekan. Xalqingizga xos milliy urf-odatlar, ko‘rkam liboslar menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Hamkasblarim bayramga adras ko‘ylak sovg‘a qilishdi. Bu menga juda yoqdi. To‘rt yildan buyon O‘zbekistondaman. Samarqanddan tashqari Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Xorazm, Andijon, Namangan shaharlarida bo‘ldim. Har bir shaharning o‘z qadriyat va urf odatlari borligini his qildim.

Emrah Yilmaz (Turkiya), Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy tadqiqot instituti o‘qituvchisi:

– Men 3-yildan buyon Samarqanddaman. Har yili Navro‘z bayrami arafasida Turkiyaga ketishga to‘g‘ri kelardi. Bugun Samarqand davlat universitetida kutib olish nasib qildi. Bundan juda xursandman. Turkiyada ham Navro‘z nishonlanadi. Bizda asosan milliy kiyimlar va tabiatga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi bo‘ladi. O‘zbekistondagi Navro‘z bayrami qiziqarliroq ekan. Bunda qadriyatlar, turli xil sport o‘yinlari, cholg‘u ijrochiligi, kashta namunalari, xalq og‘zaki ijodi kabi milliy qadriyatlar ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Turli xil ovqatlar qilinishi, dasturxonlarning bezatilishi bayramga yanada ko‘rk qo‘shdi…

Yu Xiang (Xitoy), Shaansi normal universiteti doktoranti:

— Almashinuv dasturi bo‘yicha Samarqand davlat universitetida tadqiqot olib bormoqdaman. Xitoyda ushbu bayram «na nu zi» deb ataladi. Bayram kuni Xitoyda dam olish deb e’lon qilinadi. Samarqandda Navro‘z tantanalarini kutib oldik. Men uchun yangilik bo‘ldi. Bu bayramda beg‘uborlik, mehmondo‘stlik, hamjihatlik borligi sezilib turibdi. Bayram tantanalarida talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar meni hayratlantirdi. Hattoki tadbirga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar ham xursandchiligidan raqsga tushib ketishdi. Barchaga Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin!

Zhang Yuqi (Xitoy), SamDU Mahalla taraqqiyoti va inson resurslarini boshqarish instituti talabasi:

— O‘zbekistonga kelganimizga yetti oy bo‘ldi. Bir qator bayramlarni ko‘rdim. Men uchun har bir bayram doim yangilik bo‘lgan. Bu galgisini katta qiziqish bilan kutib oldik. Taassurotlarim a’lo darajada. Yosh yigit-qizlardan tortib, keksalargacha bayramni xush kayfiyatda o‘tkazishlari tahsinga sazovor. Eng qizig‘i, ushbu tantanaga hamjihatlikda tayyorgarlik ko‘rishar ekan. Bayramni miriqib tomosha qildik. Men bundan xursandman.

O‘zA