Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida tashkil etilgan xalq saylida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi, mahalliy aholi va jamoatchilik vakillari, yoshlar, Navoiy shahar mehmonlari, yuzlab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Unda korxonalar tomonidan rang-barang ko‘rgazmalar, milliy san’at va hunarmandchilikning betakror namunalari namoyish etilib, dasturxonlar milliy taomlar bilan bezatildi. Turli ko‘rik-tanlovlar, badiiy jamoalar va folklor-etnografik jamoalari chiqishlari, xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil etildi.
Bugun mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari boshchiligida boshlangan islohotlar boshqa sohalar bilan bir qatorda kon-metallurgiya sanoati korxonalarini ham yuksalish bosqichiga olib chiqmoqda. Jumladan, Qimmatbaho metalllar ishlab chiqarish hajmini oshirish dasturi doirasida keyingi sakkiz yilda umumiy qiymati 3 milliard dollarlik 24 ta yirik investitsion loyiha ishga tushirildi.
[gallery-22393]
Investitsiya loyihalarini jadallashtirish evaziga 2026 yilgacha mo‘ljallangan dastur ijrosi 2024 yilda, muddatidan ikki yil oldin bajarildi.
Ayni paytda Janubiy kon boshqarmasi “Zarmitan” konida muhandislik jihatdan noyob bo‘lgan “Skipli” shaxta stvolini ishga tushirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Yirik investitsion loyiha – “Skipli” stvol Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, uning foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatida yangi bosqichni boshlab beradi.
Joriy yil bahor mavsumida kombinat tizimida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 102,8 gektar maydonda 300 ming tupdan ortiq mevali, manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Marjonbuloq shaharlari, Zarkent qo‘rg‘oni, Nurota tumanidagi “Pistali” koni va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlari hududida 110 ming donadan ortiq manzarali va buta ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bayram arafasida kasaba uyushmasi Kengashi bilan birgalikda pensionerlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat to‘plamlari yetkazib berildi. Ishchi-xodimlar uchun arzonlashtirilgan yarmarkalar, tarixiy joylarga sayohatlar, bayram dasturxonlari tashkil etilmoqda.
Tadbir jarayonida kombinat boshqarmasi va uning bo‘linmalari tomonidan namoyish etilgan bahoriy taomlar ko‘rgazmasi Hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, g‘olib va sovrindorlar tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Navro‘z umumxalq sayillari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari