Vatanimiz tarixidagi 21 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
Bahor quyoshining zarrin nurlari yer yuzini quchganda, tabiat uyg‘onib, hayot yangilanadi. Aynan shu ajoyib faslda, kecha va kunduz tenglashgan pallada, “Yangi kun” – Navro‘z nishonlanadi. Qadimgi tamaddunlar davrida shakllangan bu bayram “Yilboshi” sifatida ulug‘lanib, tabiatning qayta jonlanishi va yangi hosil yili boshlanishini nishonlash imkonini beradi. Asrlar osha Navro‘z betakror an’analar, marosimlar va udumlar bilan boyib bordi. Xalq sayillari, tomoshalar, milliy o‘yinlar, sport musobaqalari bayramning ajralmas qismi bo‘lsa, sumalak, ko‘ksomsa, bahoriy ko‘katlardan tayyorlangan taomlar uning yorqin ramzlariga aylandi. Navro‘z O‘zbekistonda rasman umumxalq bayrami va dam olish kuni maqomini oldi.
Navro‘z bayramining ahamiyati umuminsoniy miqyosda ham e’tirof etildi: 2009 yilning 30 sentyabrida YUNESKO Navro‘zni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi, 2010 yil 19 fevralda esa BMT Bosh Assambleyasi 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash haqida tarixiy qaror qabul qildi. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab nuqtalarida nishonlanayotgan bu bayram umuminsoniy qadriyat sifatida tan olindi. Navro‘z butun bashariyat ma’naviy merosining durdonasi sifatida tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglikni mustahkamlamoqda, yangilanish va umid ramzi bo‘lib, insoniyatni birlashtiruvchi umumbashariy qadriyatlarni ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
1410 yil (bundan 615 yil oldin) – temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo Marvga tashrif buyurdi. Xurosonning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Marv mo‘g‘ullarning 1221–1222 yillardagi vayronasidan so‘ng ancha xaroba holatiga tushib qolgan edi. Shohrux Mirzo Marvning ahvolini ko‘rib, avvalo u yerda yangi kanal qurishni buyurdi. Shaharni obod qilishga topshiriq berib, u yerga aholi ko‘chirib keltirildi. Shohrux Marvdagi tiklanish ishlarini shaxsan nazorat qilib, tez orada shaharda qator masjidlar, bozorlar, hammomlar, honaqohlar, madrasalar barpo etdi.
1925 yil (bundan 100 yil oldin) – O‘zbekiston kasaba uyushmalarining ta’sis s’ezdi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalariga asos solindi. Biroq butun SSSRda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham mehnatkashlarning eng ommaviy tashkiloti hisoblangan kasaba uyushmalari partiya qo‘mitalariga to‘la-to‘kis qaram bo‘lib qoldi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – xalqimizning atoqli va ardoqli shoiri, tarjimon, publitsist, jamoat arbobi Abdulla Oripov tavallud topdi (vafoti 2016 yil). U 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifidir. Uning butun ijodi, shuningdek, Davlat madhiyasi matni xalqimiz qalbiga mustaqillik g‘oyalarini singdirishda alohida ahamiyat, kuch-qudratga ega. Shoir ijodi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan: Unga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan. Shoir davlat mukofotlari sovrindori bo‘lgan. U ijod ahli orasida birinchi bo‘lib “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida Abdulla Oripov ijod maktabi tashkil etildi. Yurtboshimizning 2020 yil 2 dekabrdagi Qarori bilan 2021 yilda atoqli shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi.
1948 yil (bundan 77 yil oldin) – rang-tasvir va grafika ustasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzayev tavallud topdi. Uning asarlari o‘zining milliyligi, ranglar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. U 1990-yillarda Abdulla Qodiriy asarlariga, jumladan, “O‘tgan kunlar” asariga qalamtasvirda “Kumush va Zaynab”, “Xayol”, “Haydalish kuyi”, “Fuzuliyni o‘qib”, “Hayotim lolazoridan ayurding” va boshqa asarlar yaratib milliy grafika rivojiga katta hissa qo‘shdi. Alisher Mirzayev 1994 yilda Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan, 1999 yilda “El-yurt xurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1960 yil (bundan 65 yil oldin) – Buyuk Britaniya Mineralogiya jamiyati a’zolarining majlisida geolog olim, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Habib Abdullayev mazkur jamiyatning haqiqiy a’zosi etib saylandi. Shu yilning o‘zida Fransiya Geologiya jamiyati a’zoligiga ham saylandi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan xorijiy banklarning tajribasini hisobga olgan holda o‘z sarmoyasini va jalb etiladigan mablag‘lar hajmini muttasil ko‘paytirib borish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish, shuningdek iqtisodiyotning real tarmog‘i, avvalo, kichik biznesni kreditlash shakllari, turlari va miqdorlarini kengaytirish tijorat banklarining eng muhim vazifalari hisoblanishi qayd etildi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – “O‘zbekiston” telekanali internet tarmog‘i orqali yer yuzidagi barcha mamlakatlarga uzatila boshlandi. Telekanalning internet orqali xalqaro miqyosda uzatilishi O‘zbekiston haqidagi axborotni dunyo bo‘ylab tarqatish imkoniyatini berdi, mamlakatimizning xalqaro axborot makonidagi ishtirokini kuchaytirdi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi