French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z – qadim qadriyatlar tarovati
22:01 / 2024-03-21

Tongninng suluv kelinchagi oq-sariq boychechaklar uyqusiragan bolakaylar singari oq parra yaproqlariga erkalanadi. Boboquyosh baland cho‘qqilar ortidan tungi gunohlardan uyalgandek qizarib bosh ko‘targancha nim sariq nayza nurlarini tiriklik dunyosiga ulashishga oshiqqan. Maysalar tanasidagi billur shodalar uch kunlik kelinchak bo‘ynidagi munchog‘lar yanglig‘ qir-adirliklarga go‘zallik bag‘ishlab turibdi.

Tuproqni yorib, yashashga chog‘lanayotgan maysalar, anhor chetlaridagi mitti chuchmomalar, daraxtlarda tizilishib xonish qilayotgan qushlar, hamma hammasi go‘yo Navro‘zni qarshilab bir-biridan suyunchi olayotganday! Iroqi do‘ppisi o‘ziga yarashgan bir qiz ko‘nglidan kechganlarini qo‘shiqqa solib hirgoyi qiladi:

Daraxtlar shoxida kular kurtaklar,

G‘unchalar lab ochar, gulgun tilaklar,

Yulduzlar ko‘zidan to‘kib ertaklar,

Quyoshning yuzini siladi bahor,

Navro‘zni yetaklab keladi bahor.

Navro‘z kechasida koinot oltin tarozisining ikki pallasi baravar kelib, tun va kun kaftgirlari tenglashar, yuz ko‘rishar, diydorlashar emish. Navro‘z bilan birga yurtga mehr qaytadi, ishtibohlar qaytadi. 

Navro‘z subhichog‘lar, yam-yashil sayhonlar, quyosh chodirini sudrab o‘tayotgan o‘tloqlar, dala-qirlardan o‘tadi. Sarvlar, mirzateraklar bag‘rida, daryo to‘lqinlarida mavjlari izlari, xush ohanglari qoladi uning. U zarradek chigitdan olam tog‘ yaratish ishtiyoqi bilan sahardan ketmonini yelkasiga ilib ming orzular bilan dalasiga ketayotgan bobodehqonning huzuriga boradi, tazim aylaydi. Dehqonga shukrona kunlar, barakali xirmon tilaydi. 

Navro‘z – hadsiz mehrlar, muruvvatlar fasli. Muhabbat va saodat faslidir. U dil izhoridir, diydorlashuvlar-u chorlovlar, yo‘qlovlardir. Sadiy Sheroziy Navro‘z – bahor vasfi deya ushbu satrlarni bitadi:

Navro‘z o‘lka bayrog‘in tikdi bukun sahro aro,

Qahraton qish lashkari chekindi bu davo aro.

Har chaman kelinchagiga taqdi osmon marvarid,

Oni olmishdi bulut g‘avvosikim daryo aro.

Bu ulug‘ ayyom buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosini tiklash imkonini ham berdi. Navro‘z bayrami bilan bog‘liq anana va qadriyatlarimiz majmui YUNESKO tomonidan insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonalari ro‘yhatiga kiritildi.

Asriy ananalarimizga ko‘ra, ayni kunlarda dehqonlarimiz dasturxonimiz to‘kin va barakali bo‘lsin, degan niyatda yerga urug‘ qadamoqdalar. Cho‘pon – cho‘liqlar esa erta tongdan yaylovlarga otlanadilar. Qir-adirlarda otlarning dupuri, qo‘y-qo‘zilarning marashi, qo‘ychibonlarning “qurey - qurey” degan sadosi to‘lib toshadi. Chillik, arg‘imchoq, yashinmachoq, beshtosh, ko‘z boylag‘ich, xo‘roz urushtirish o‘yinlari avjiga chiqadi. Ana quloqqa elas-elas o‘tovdan chalinayotgan do‘mbiraning yurakka yaqin sadosi eshitilyapti. Etiborlisi, ana shu dilovar ohanglar davr ruhi bilan qo‘shilib yaxlit mazmun kasb etadi. Baxshiyona ohanglar bilan bunday jannatmakon manzaralarni ko‘rish esa kishiga o‘zgacha zavq va huzur bag‘ishlaydi. Zotan, Navro‘z yerga nur, elga g‘urur, dilga surur bag‘ishlaydigan, mehr-u muruvvatli xalqimizning azaliy urf-odatlari, butun bo‘y-bastini yaqqol ko‘rsatadigan shodiyonadir. 

Orzularingiz gulga, yo‘llarimiz nurga yo‘g‘rilsin. Yurakda ozod Vatan ishqi, Navro‘z sog‘inchi deb atalgan cho‘g‘ tursin, kelinchaklar dudog‘iga gul isi, binafshalar bo‘yi ufursin.Navro‘z qir-adirlarga yashillik, tog‘larga viqor, insonlarga ulug‘vorlik, o‘ktamlik va saxiylik aylasin!

 

Ro‘zimamat Choriyev,

jurnalist