Qizilqumga tutash kengliklarda istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub Churuq ovuli aholisini “Navro‘z” bayrami oldidan Shofirkon tuman hokimligi, tuman Xalq qabulxonasi hamda korxona va tashkilotlarning mutasaddilari yo‘qlab bordi.
Navro‘zi olamni ko‘tarinki ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi. Shu munosabat bilan bayramda yoshlar milliy o‘yinlar, sport musobaqalarini uyushtirib, bellashdilar. Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanmoqda.
Tadbirda so‘z olganlar Navro‘z insoniy mehr-oqibat, samimiy muruvvat, saxovatpeshalik, bag‘rikenglik bayrami ekanligini alohida ta’kidlab, barchani yaqinlashib kelayotgan bayram bilan muborakbod etdi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari hamda ovul oqsoqollari ham so‘z olib barchani qadimiy va boqiy Navro‘zi olam bilan qizg‘in qutladilar. Milliy qadriyatlarimiz, an’ana-yu udumlarimiz, shu jumladan, xalq o‘yinlari namoyish etildi. Dasturxonga osh tortildi. Shuningdek, qadriyatlar aks ettirilgan sahna ko‘rinishi barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Ijtimoiy masalalarni hal etish, aholi turmush tarzini yaxshilash, Navro‘z bayrami munosabati bilan ovulliklarga xush kayfiyat ulashish hamda ularni yangi tashabbus va g‘oyalarga undash, yurtga daxldorlik tuyg‘usini oshirishga qaratilgan tadbirlar mobaynida tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan nuroniy otaxon va onaxonlar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Inson qadri ulug‘lanayotgan bugungi kunda bunday tadbirlarning o‘tkazilishi Churuq ovuli aholisini ham xursand qildi.
Bayram munosabati bilan shu kuni ovulliklar uchun "Shofirkon dehqon bozori" MCHJ tomonidan arzonlashtirilgan yarmarka tashkil etildi.
O‘zA