Navro‘z bayrami sharq xalqlari, jumladan o‘zbek xalqining ming yillik tarixga ega bo‘lgan eng qadimiy va ulug‘ bayramlaridan biridir. Tabiat uyg‘onishi, yangi yil boshlanishi, yangilanish va ezgulik ramzi bo‘lgan Navro‘z asrlar davomida xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlari bilan chambarchas bog‘lanib kelmoqda. Bu bayram nafaqat tabiatning yangilanishini, balki inson qalbida ham yaxshilik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarning uyg‘onishini ifodalaydi.
Navro‘z mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanadigan, jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi muhim madaniy-ma’naviy bayramlardan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, bu yil ham Navro‘z bayramini munosib nishonlash maqsadida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan keng qamrovli tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi tasdiqlanib, uning izchil amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu dastur orqali Navro‘zning tarixiy va ma’naviy mohiyatini keng targ‘ib etish, xalqimizni ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish ko‘zda tutilgan.

Navro‘z qadimdan mehr-oqibat, saxovat va muruvvat kabi insoniy fazilatlarni targ‘ib etib kelgan. Shu bois, bu yilgi bayram tadbirlarini tashkil etishda ham aynan insonparvarlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Navro‘z muborak Ramazon hayiti bilan hamohang tarzda nishonlanishi bayram mazmunini yanada boyitadi.
Shu munosabat bilan “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan insonlar holidan xabar olish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Navro‘zning asl mohiyati insonni qadrlash, jamiyatda hamjihatlik va mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash g‘oyalarini amalda namoyon etadi.

Navro‘z tabiat uyg‘onishi bilan bog‘liq bayram bo‘lgani sababli ekologik tashabbuslar ham ushbu sana bilan uzviy bog‘lanib ketgan. Shu bois, bayram tadbirlari doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshiriladi. “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyalari, umumxalq hasharlari tashkil etilib, yurtimiz hududlarini yanada obodonlashtirish, yashil hududlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bunday tashabbuslar nafaqat atrof-muhitni asrashga xizmat qiladi, balki yosh avlodni tabiatga mehr bilan qarash, ekologik madaniyatni shakllantirishga ham undaydi. Navro‘z nafaqat madaniy-ma’naviy, balki ekologik ahamiyatga ega umumxalq bayramidir.
Navro‘z shodiyonalarining ajralmas qismi bo‘lgan xalq sayillari ham bu yil keng ko‘lamda tashkil etiladi. Xususan, Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida ommaviy sayillar, madaniy dasturlar va milliy an’analarni aks ettiruvchi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bunday tadbirlar xalqimizning boy madaniy merosini keng targ‘ib etish, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik, milliy taomlar va san’at namunalarini namoyish etish orqali jamiyatda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, turli hududlardan kelgan fuqarolarni bir maydonga jamlab, bayramning umumxalq ruhini yanada mustahkamlaydi.
Navro‘z – shunchaki bayram emas, balki xalqimizning tarixiy xotirasi, ma’naviy qadriyatlari va milliy o‘zligini ifodalovchi buyuk an’ana. Ming yillardan buyon nishonlanib kelayotgan bu bayram ezgulik, yangilanish, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etib kelmoqda.
Bugungi kunda Navro‘z xalqimiz hayotida nafaqat qadimiy an’ana sifatida, balki jamiyatni ezgu maqsadlar sari birlashtiruvchi muhim ma’naviy kuch sifatida o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA