Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z Markaziy Osiyoning eng muhim sayyohlik va madaniy brendiga aylanadi
17:57 / 2025-04-02

Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari uch tomonlama sammiti doirasida “Navro‘z – mintaqadagi eng qadimiy madaniy-sayyohlik merosi” mavzusida mintaqaviy sayyohlik forum-muloqoti tashkil etildi.

Forumda uch mamlakat turizm sohasi yetakchilari, yuzga yaqin sayyohlik kompaniyalari vakillari qatnashdi. 

Tadbirning asosiy maqsadi sayyohlik sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Navro‘z bayramini umumiy tarixning bir qismi sifatida ommalashtirishdir. Shuningdek, Navro‘zni Markaziy Osiyoning eng muhim sayyohlik va madaniy brendlaridan biri sifatida targ‘ib qilish orqali mintaqada jozibador va o‘ziga xos sayyohlik mahsulotlarini yaratish uchun asos yaratish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston mintaqamizning yagona sayyohlik hududini yanada rivojlantirish uchun faol harakat qilmoqda. Bu doirada sayyohlar mintaqaning bir nechta mamlakatlariga osonlik bilan tashrif buyurib, umumiy tarix va madaniyatlar xilma-xilligi bilan tanishishi mumkin. 

Forumda O‘zbekistonning mintaqa sayyohlik jozibadorligini oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan tashabbuslari ham alohida muhokama qilindi. 

Jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning noyob tabiiy qo‘riqxona, tog‘ tizimi va ko‘llari, shuningdek, qadimiy shaharlari va boshqa diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan “Farg‘ona vodiysining oltin sayyohlik halqasi”ni yaratish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, mamlakatlarimizda o‘tkaziladigan bayram tadbirlarini birlashtiruvchi “Navro‘z – Markaziy Osiyo qalbida” deb nomlangan qo‘shma madaniy-sayyohlik yo‘nalishini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Bunday yo‘nalishlar birlik ramzi va xalqaro turizm bozori uchun noyob mahsulotga aylanib, madaniy merosni targ‘ib qilish hamda turizm sohasidagi kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Qayd etish kerak, Navro‘z umumjahon madaniy boylik sifatida e’tirof etilgan, 2009 yil YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Forum doirasida ishtirokchi davlatlar sayyohlik kompaniyalari marshrutlari va mahsulotlari taqdimoti hamda B2B uchrashuvlari o‘tkazildi. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va sayyohlarni jalb etishga qaratilgan bitimlar imzolandi. 

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA