Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z mahallasida yangi muassasa ish boshladi
11:43 / 2025-11-22

Qaror va ijro

Prezidentimizning 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Buxoro viloyati Kogon tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining ko‘pdan kutgan xayrli ishi ro‘yobga chiqardi.

Hududda 90 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurib bitkazildi. Ikki qavatli, shinam inshoot qurilishi pudratchi “G‘ijduvon G‘ovshun maxsus qurilish-montaj” MCHJning mohir binokorlari tomonidan amalga oshirildi. 

Mazkur loyihaga umumiy qiymati 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Bunda o‘g‘il-qizlar uchun zarur shart-sharoit, kerakli inventarlar, adabiyot va o‘quv qurollari bilan jihozlangan dars, mashg‘ulot xonalari, o‘yin maydonchalari, shinam yotoqxona, oshxona, sanitariya va isitish tarmog‘i shay qilingan. Endilikda o‘ndan ortiq tarbiyachi-xodim bog‘chaga qatnaydigan bolajonlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul sifatida biriktirilgan.

18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimida  tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, ota-onalar ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar obod qishloqlarimiz, yangilanayotgan ta’lim muassasalari va bunyodkorlik ishlari orqali yurtimiz bolajonlari farovon hayot va munosib ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘layotganligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng yig‘ilganlar  ta’lim tashkilotida bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. Yakunda tuman hokimi boshchiligidagi mutasaddilar mahalla ahli bilan birgalikda bolalar bog‘chasi hududiga yaxshi niyat bilan manzarali ko‘chatlar o‘tqazdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.