Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z – inson qadrini ulug‘lovchi bayram
12:29 / 2026-03-10

Yurtimizda bahor. Qadimiy an’analar, ezgu qadriyatlar va umumxalq birdamligini o‘zida mujassam etgan Navro‘z ayyomi yaqin. Yangilanish, yosharish va ezgulik ramzi bo‘lgan ushbu bayram asrlar davomida xalqimiz hayotida alohida ahamiyatga ega. Bugun Yangi O‘zbekistonda Navro‘zning ma’no-mazmuni yanada boyib, inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi bilan tobora uyg‘unlashib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ushbu bayramning ma’naviy-ma’rifiy mazmunini yanada boyitib, uni jamiyatda inson qadrini ulug‘lovchi, ezgulik va hamjihatlikni targ‘ib etuvchi umummilliy bayram sifatida keng nishonlashga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, qaror Navro‘z ayyomini xalqimizning birdamligi, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni namoyon etadigan umummilliy bayram sifatida yanada keng nishonlash, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, atrof-muhitni asrash, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish kabi ezgu tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam tashkiliy asos yaratib beradi.

Qarorga ko‘ra, Navro‘z bayramiga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bo‘yicha maxsus tashkiliy qo‘mita tuzilib, bayramning g‘oyaviy mazmunini yanada boyitishga qaratilgan konsepsiya ishlab chiqiladi. Unda “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan g‘oya asosiy tamoyil sifatida ilgari suriladi. Bu g‘oya xalqimizning bag‘rikenglik, saxovat, mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hujjatda Navro‘z tadbirlarini mazmunan ta’sirchan va tarbiyaviy ahamiyatga ega tarzda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bayram sayillari inson va tabiat uyg‘unligi, ona zaminga mehr va ehtirom, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish g‘oyalarini keng targ‘ib etishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jamiyat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar ham Navro‘z tadbirlarida o‘z aksini topadi.

2026-yilgi Navro‘zning yana bir muhim jihati – uning Ramazon hayiti bayrami bilan uyg‘un davrga to‘g‘ri kelayotgani. Shu munosabat bilan qarorda insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarga keng o‘rin berilgan. Ayniqsa, keksa avlod vakillarini, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylaridagi insonlar holidan xabar olish, ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish kabi xayrli ishlar tashkil etiladi.

Navro‘z bayrami arafasida yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham keng ko‘lamda amalga oshiriladi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish aksiyalari, umumxalq hasharlari tashkil etilib, shahar va qishloqlar yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etadi.

Shuningdek, bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport musobaqalari, kitob yarmarkalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdolari va ko‘klam taomlari festivallari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa xalqimizning boy madaniy merosi va milliy an’analarini keng namoyon etishga xizmat qiladi.

Qarorda millatlararo do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash masalasi ham alohida ta’kidlangan. Yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odat va an’analari namoyish etiladigan tadbirlar Navro‘zning bag‘rikenglik ruhini yanada yorqin ifoda etadi.

Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida tashkil etiladigan xalq sayillari va teatrlashtirilgan konsert dasturlari bayramning eng yorqin madaniy tadbirlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ularda mamlakatimizning taniqli san’atkorlari, ijodkorlar, yosh ijrochilar va folklor jamoalari ishtirok etadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA