Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, Navro‘z bayrami munosabati bilan haftasiga besh kun ishlaydigan xodimlar uchun besh kun ketma-ket dam olish kunlari davom etmoqda.
Ana shu davrda xalqimizning xotirjamligi hamda salomatligini ta’minlash — o‘ta muhim masala.
Shundan kelib chiqqan holda, bayram va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida shtab faoliyat ko‘rsatmoqda.
SSV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda:
- 995 ta oilaviy poliklinika, 858 ta oilaviy shifokor punkti,
- tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
- tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 180 ta aholi punktida joylashgan subfiliallarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yartilgan.
Mamlakatimiz bo‘ylab 2 ming 861 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 238 ta tug‘ruq muassasasi ham uzluksiz ish olib bormoqda.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
O‘zA