Bugun Samarqand shahridan parvoz qilgan "Airbus A321neo" havo kemasi Istanbul shahriga qo‘ndi.
Bu "Air Samarkand” kompaniyasining ilk xorijga amalga oshirgan parvozidir.
Istanbulga parvoz oldidan o‘tkazilgan tantanali tadbirda so‘z olganlar kompaniya rejasi, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish va boshqa davlatlarga ham reyslarni tashkil etish ustida ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

“Air Samarkand” kompaniyasining PR direktori Oleg Ivanovning ta’kidlashicha, Samarqand – Istanbul – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar yo‘lga qo‘yildi. Birinchi bosqichda reyslar haftasiga ikki marta, dushanba va payshanba kunlari Istanbulning yirik aeroportiga (IST) amalga oshiriladi.

- Aytish kerakki, bugungi Istambulga ilk parvoz biz uchun muhim va mas’uliyatlidir. Negaki, muntazam parvozni yo‘lga qo‘yish har qanday aviakompaniya uchun muhim bosqichdir. Jadval asosida parvozlarni amalga oshirayotgan “Air Samarkand” kompaniyasi yo‘lovchilar sayohatlarini samarali rejalashtirish bilan bir qatorda, bortda qulaylik, jahon darajasidagi xizmat va to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarning qulayligidan bahramand bo‘lish imkoniyatini beradi. 221 o‘ringa mo‘ljallangan avia salon yo‘lovchilar uchun qulayligi bilan ahamiyatlidir. Kompaniyamizning kelgusida ham rejalari ulkan. Keyingi parvozimizni esa Tbilisi shahriga amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda, -dedi Oleg Ivanov.
Aytish joizki, ushbu yo‘nalishda parvoz qiluvchi samolyot dunyoning yetakchi aviakompaniyalari tomonidan foydalaniladigan zamonaviy va xavfsiz havo kemasidir. Ekspluatatsiya davrida “Airbus A321” o‘zining xavfsizligini isbotladi va yo‘lovchilar tomonidan qulayligi e’tirof etildi. “Air Samarkand” parvoz vaqtida shovqinning eng past darajasini ta’minlaydigan CFM International LEAP-1A so‘nggi avlod dvigatellariga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA muxbiri
Turkiya, Istanbul shahri