Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘z bayrami arafasida Erondan charter reyslar yo‘lga qo‘yiladi
10:13 / 2021-02-14

Eron Islom Respublikasining “Aseman Airways” aviakompaniyasi tijoriy direktori Ahmad Assad va “Persian Gulf Tourism Holding” sayyohlik kompaniyasi rahbari Mehrdad Rahmanifar mamlakatimizga kelib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov va Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Navro‘z bayrami arafasida Tehron-Buxoro va Tehron-Urganch shaharlari o‘rtasida charter reyslarni tashkil qilishga doir masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonidan mazkur parvozlarning amalga oshirilishi bo‘yicha barcha turdagi imtiyoz, qulaylik va infratuzilmalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Eronda Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ko‘plab fuqarolar dunyo bo‘ylab oilaviy sayohatga otlanishini inobatga olgan holda, mamlakatimizdagi bayram muhiti hamda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorligiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni barcha takliflar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Tomonlar charter reyslar muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda doimiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi. Tashrif doirasida Eron delegatsiyasi a’zolari yurtimizdagi turli soha vakillari bilan uchrashib, Samarqand va Buxoroning turizm manzillari bilan yaqindan tanishishi kutilmoqda.

O‘zA