Italiyaning Agrijento shahrida o‘tkazilgan «75-Mandorlo in fiore" («Bodom gullaganida») jahon xalqlari madaniyati va folklor festivali yakuniga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi xabariga ko‘ra, festival ishtirokchilarining musiqiy chiqishlari «Eng yaxshi musiqiy ko‘rinish», «Eng yaxshi milliy liboslar», «Eng yaxshi raqs namoyishi» yo‘nalishlari bo‘yicha baholandi.
Mazkur festivalda mamlakatimiz nomidan ishtirok etgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining «Navro‘z» ashula va raqs ansambli jamoasi hamda O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovadan iborat Madaniyat va turizm vazirligi ijodiy guruhi festivalda ishtirok etgan Qirg‘iziston, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gruziya, Bolgariya, Ispaniya, Fransiya, Panama, Meksika kabi 40 ga yaqin davlatlar hamda mingga yaqin ishtirokchi vakillar orasida o‘z chiqishlari, ijro etilgan raqslari hamda milliy liboslari bilan eng yaxshi guruh sifatida e’tirof etilib, Gran-pri sohibiga aylandi. Hamda maxsus «Oltin ibodatxona» sovriniga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik san’atkorlar «Jurnalistlar e’tirofi» nominatsiyasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Festival doirasida ijodiy guruhning Agrijento shahar meri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
"75-Mandorlo in fiore" jahon xalqlari madaniyati va folklor festivali Italiyaning Sitsiliya viloyati Agrijento shahrida har yili o‘tkaziladigan festival bo‘lib, bir necha yillik karantin cheklovlardan so‘ng yana qayta o‘tkazilmoqda.
Mazkur san’at bayramida mamlakatimiz vakillari ilk bora ishtirok etib, hakamlar va 50 ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan tomoshabin, jurnalist va san’atshunoslarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Aytish joizki, festival o‘ziga xos go‘zallik, san’at, borliq uyg‘onishiga bag‘ishlangan yirik madaniy tadbir sanaladi. Dastlab u mahsulotlar yarmarkasi sifatida o‘tkazilgan bo‘lsa, 1937 yildan buyon Agrijento shahrida doimiy tarzda dunyo xalqlarining san’atini namoyish etuvchi, tinchlik, birodarlik va do‘stlikka chorlovchi bayram sifatida o‘tkazilib kelinmoqda. Mana sakson yildan ortiq vaqtki, bahorda bodomlar chappar gullaganida dunyoning turli davlatlaridan bu yerga badiiy jamoalar o‘z san’ati va madaniyatini namoyish etish uchun kelmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA