“Navoiyuran” davlat korxonasining bir guruh mas’ul rahbarlari ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini o‘rganish maqsadida Germaniya davlatida bo‘lishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida korxonani transformasiya qilish hamda xalqaro talablarga muvofiq ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Tashrif davomida delegasiya vakillari Atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv hamda Barqaror rivojlanish hisoboti bo‘yicha seminar- treninglarda ishtirok etishib, sohaga doir turli mavzularda bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
– Seminarning maqsadi ishtirokchilarga ESG reytinglarini yaxshilash va yanada barqaror kelajakka hissa qo‘shish uchun ESG amaliyotlarini o‘zlarining biznes operasiyalariga qanday integrasiya qilish haqida keng qamrovli tushuncha berishdan iborat bo‘ldi, – deydi “Navoiyuran” DK Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi D.Temirov. – Biz ESG va biznes operasiyalarda ESG yechimlarini tatbiq etishning amaliy strategiyalari haqida keng qamrovli tushunchaga ega bo‘ldik. ESG reytinglaridagi so‘nggi tendensiyalar va ishlanmalar, hisobot berish va oshkor qilishning eng yaxshi amaliyotlari haqida ma’lumot oldik.
Delegasiya a’zolari Germaniyaning bir qancha shaharlarida bo‘lib, mazkur davlatning yirik sanoat ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Tashrif dasturiga asosan delegasiyamiz vakillari guruhlarga bo‘lingan holda bir qator kompaniyalarning ESG bo‘yicha hisobotlarini o‘rgandik, kompaniyalar faoliyati bilan bog‘liq nazariy bilimlarga ega bo‘lik, - deydi “Navoiyuran” DK bosh hisobchisi A.Adizov. - Seminar-treningning nazariy qismida olingan ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida Bremen (Bremen) shahridagi “Airbus” kompaniyasi, Volsfburg shahridagi “Volkswagen” avtokonserni va Velzov shahrida joylashgan ko‘mir qazib olish karerlari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Xususan, qazib olish jarayonlari to‘xtatilgan karerlarning rekultivasiya jarayonlari, korxonaning atrof muhitga va aholiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandik.
Seminar-treninglar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri