Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navoiyuran” ning eksport geografiyasi kengaymoqda
17:46 / 2024-01-23

“Navoiyuran” davlat korxonasi uran oksidi va ammoniy perrenati tayyor mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va xorijiy mamlakatlarga 100 foiz eksport qiluvchi mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda korxona tomonidan tabiiy uran va ammoniy perrenati mahsulotini Yaponiya, Hindiston, Kanada, Janubiy Koreya, Rossiya va Avstriya davlatlariga eksport qilinishi bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan. Shu maqsadda korxona tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi sifatida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi va uning tasarrufidagi bojxona postlari bilan doimiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Hozir korxona nomidan bojxona yuklarini deklaratsiyalash “Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati” mutaxassislari tomonidan elektron tarzda amalga oshirilib kelinmoqda.    

Tayyor mahsulotlar eksporti amaldagi qonunchilik asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda. Korxona eksport operatsiyalarini amalga oshirishda Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti, “Tinchlik” tashqi iqtisodiy faoliyat posti bilan bevosita hamkorlikda ish olib borilmoqda. Jumladan, o‘tgan 2023 yil davomida 33 partiya uran oksidi va ammoniy perrenati tayyor mahsulotlari eksport jarayonida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazildi.  

– Eksport qilinayotgan tayyor mahsulotni qadoqlashda ishlatiladigan yog‘och taxtalarning zararsizlantirilganligi to‘g‘risida viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bilan hamkorlikda 297 ta fitosanitar va muvofiqlik sertifikatlar rasmiylashtirildi, – deydi “Navoiyuran” DK bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati boshlig‘i Hasan Muxtorov. – Elektron tarzda taqdim etilgan elektron yuk deklaratsiyalari xavfni boshqarish tizimi tomonidan avtomatik tarzda yoki masofaviy elektron deklaratsiyalash posti xodimlari tomonidan qisqa muddatlarda rasmiylashtirib berilmoqda. Ushbu tezkor jarayon rejalashtirilgan eksportni o‘z vaqtida amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. 2023 yil yakuniga ko‘ra, “Navoiyuran” davlat korxonasi uran ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Bu esa davlatimiz rahbarining uran ishlab chiqarishni 2030 yilga qadar uch barobarga oshirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarning amaldagi ifodasi deyishimiz mumkin.    

Korxona tomonidan o‘tgan 2023 yil yakunlari bilan mahsulotlar eksporti 126 foizga bajarildi va 2022 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 133 foizni tashkil etdi. Shuningdek, joriy 2024 yil prognoziga ko‘ra, mahsulotlar eksportini to‘liq bajarish va 2023 yilga nisbatan o‘sish sur’atini 110 foizga ta’minlash rejalashtirilmoqda. Albatta, ushbu ko‘rsatkichlarni bajarish va korxonaning xalqaro miqyosdagi mavqeining yuksalishida kasbiy salohiyati yuqori, tezkor va harakatchan bojxona organlari xodimlarining yordamlari katta bo‘lmoqda.    

– Bugungi kunda bojxona tizimida tadbirkorlik sub’ektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bir qator yengilliklar va qulayliklar yaratilib kelinmoqda, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti katta inspektori Lola Xalilova. – Tizimda bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati jarayonlari deyarli yuz foiz elektronlashmoqda. Hozir 60ga yaqin dasturlar mavjud va 30 ga yaqin interaktiv xizmatlardan foydalanib kelinmoqda. Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postiga taqdim etilayotgan barcha bojxona yuk deklaratsiyalari elektron tarzda taqdim etilib, qisqa muddatlarda rasmiylashtirib kelinmoqda. Jumladan, respublikamizdagi eng yirik eksportyor korxonalardan biri “Navoiyuran” DK tomonidan bizning postimizga taqdim etilayotgan eksport deklaratsiyasi asosida Hindiston, Yaponiya, Kanada, Avstriya kabi bir qator davlatlarga eksport qilinayotgan mahsulotlarning rasmiylashtiruvi tezlik bilan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlash milliy tizimining “Sanoat xavfsizligi” DM sertifikatlashtirish organi bilan hamkorlikda korxonada ishlab chiqarilgan mahsulot uchun muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirib borilmoqda. O‘tgan 2023 yil davomida 28 ta bojxona yuk deklaratsiyasi qayta rasmiylashtiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, korxona xaridlari jarayonida xaridi rejalashtirilgan har bir tovarning tashqi iqtisodiy tovar nomenklaturalari aniqlanib, xulosalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri