Navoiy viloyati Konimex tumanidagi Zafarobod qo‘rg‘onida kutubxona va amfiteatr foydalanishga topshirildi.
Endilikda 400 o‘rinli amfiteatrda turli konsertlar, bayram tadbirlari, yoshlar festivallari o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 6,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Yangi kutubxonada esa kitobxonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 3 ming dona kitob fondiga ega ma’rifat va ma’naviyat maskanida jahon hamda o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari joy olgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar tajribali ustozlar yordamida o‘z bilimlarini yanada boyitishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun esa alohida xona ajratilgan bo‘lib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
– Bugun yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash va har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitini yaratish maqsad qilingan, – deydi korxonaning investitsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xudoyor Meliyev. – “Navoiyuran” davlat korxonasi ham ana shu ezgu g‘oyani o‘z faoliyatida bosh mezon qilib belgilagan. Korxonamiz faqat ishlab chiqarish natijalari bilan emas, balki ijtimoiy mas’uliyatni his qiladigan, jamiyat farovonligi uchun amaliy hissa qo‘shadigan tashkilot sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda. 2025 yilgi manzilli dastur doirasida “Navoiyuran” davlat korxonasi Zafarobod shaharchasida yana to‘rtta ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirmoqda.
Joriy yilning o‘zida 27 ta ob’ektda qariyb 95 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 269 foiz o‘sishni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda shaharchada zamonaviy sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, ta’lim muassasalari va yo‘llar barpo etildi, ulkan hajmda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi va davom etmoqda, yashil hududlar kengaytirilmoqda.
– Bugun ochilayotgan amfiteatr va kutubxona farzandlarimiz hamda kelajak avlod uchun eng katta sovg‘alardan biridir. Bu dargohlarda yoshlarimiz bilim oladi, ilm va ijod bilan shug‘ullanadi, san’at va madaniyat orqali o‘z salohiyatini namoyon etadi, – deydi mehnat faxriysi Xayrulla Mengliyev. – Kutubxonani nur xona deymiz. Insonning kamolga yetishishida kitobning alohida o‘rni bor. Bu maskan esa yoshlarimizning ma’naviy kamoloti, bilim va salohiyatini oshirish, ularda kitobga muhabbat va Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
[gallery-26233]
Ob’ektlarning ochilish marosimida korxona xodimlari, tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Ular kutubxonada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Kitoblar mutolaa qilishdi. Amfiteatr binosida esa konsert dasturi namoyish etildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari