Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navoiyuran” davlat korxonasidan xayrli tashabbus
10:31 / 2025-06-03

Ijtimoiy himoya

“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Konimex tumani hududiy bo‘linmasi taklifiga asosan nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan 50 nafar konimexlik bolajon va ularning ota-onalari uchun tarixiy Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. 

Sayohat davomida ziyoratchilar qadimiy Registon maydoni, Hazrati Xizr masjidi, Boqiy shahar kabi tarixiy va zamonaviy maskanlarga tashrif buyurdi.

– Bugun biz judayam xursand bo‘ldik, ko‘rmagan joylarimizni ko‘rdik, tomosha qildik, ko‘plab qiziqarli tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Aziza Yavkashova. – Kayfiyatimiz yaxshi, ayrimlarning Samarqand shahriga hatto birinchi marta kelishi ekan. Yurtimizda bo‘layotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga ham guvoh bo‘ldik. Barcha tashkilotchilarga rahmat aytamiz.

Albatta, bugungi kunda yurtimizda ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan, nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 

Korxona tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Konimex tumanidagi “Navro‘z”, “Yuksalish”, “To‘qqiztepa”, “Sho‘rtepa”, “Birlik” va “Sho‘rko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari va nogironligi bo‘lgan bolajonlar uchun bayram shirinliklaridan iborat dasturxon yozildi.

Bayram tadbiri davomida bolajonlarga o‘quv qurollaridan iborat sovg‘alar tarqatildi, ertak qahramonlari ishtirokida turli ko‘ngilochar tomoshalar tashkil etildi. 

Tadbir so‘nggida bolajonlar o‘yin maydonchasida miriqib o‘ynab, hordiq chiqardi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri