Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navoiyuran” davlat korxonasi qurilish sohasida ham yangi loyihalarni amalga oshirmoqda
14:21 / 2025-08-11

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan 2017 yildan buyon avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” sifatida nishonlanib kelinadi.

Sana munosabati bilan Navoiy shahridagi "Farovon" tantanalar maskanida tadbir tashkil etildi. Tadbirda “Navoiyuran” DK tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan qurilish sohasi xodimlari – muhandislar, me’morlar, loyihachilar, bo‘yoqchi va suvoqchilar, barcha ishchi-xizmatchilar ishtirok etishdi.

Bayram munosabati bilan qurilish sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, korxonada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, zamonaviy ob’ektlarni barpo etish borasidagi katta xizmatlari uchun korxonaning bir guruh xodimlari munosib taqdirlandi.  

Mamlakatimiz sanoatining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lgan “Navoiyuran” davlat korxonasi nafaqat uran qazib olish va qayta ishlash sohasida, balki ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy qurilish loyihalarini amalga oshirishda ham yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Korxonaning Investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi tomonidan ko‘plab bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy ob’ektlar yo‘l va kommunikatsiya tizimlari qurilishi buning yaqqol dalilidir.

– Joriy yilning 1-yarmida korxona tomonidan 5 ta investitsiya loyihasi doirasida jami 56,5 million dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirildi, – deydi Investitsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktor Xudoyor Meliyev. – Bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 104 foizni, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 136 foizni tashkil etdi hamda 850 dan ortiq uskuna xarid qilindi va 114 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar investitsiya dasturiga muvofiq, korxona tomonidan 4 ta ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ekti uchun 3 ta yuqori kuchlanishli havo liniyasini yakuniga yetkazish belgilangan.  

“Navoyuran” davlat korxonasi tomonidan Qizilqum bag‘ridagi mo‘’jizaviy makon – Zafarobod qo‘rg‘onida boshlangan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekiston bilan hamohang tarzda o‘zgarayotgan Yangi Zafarobod qiyofasida aks etmoqda. Korxona tomonidan hududda istiqomat qiluvchi aholining turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarni rivojlantirish yo‘lida qariyb 40 miliard so‘mdan ortiq 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.  

Ayni paytda Zafarobod qo‘rg‘oni ko‘chalarida yo‘llarni ta’mirlash, yo‘l chetidagi eski beton ariqlarni yangisiga almashtirish, mavjud piyodalar yo‘lagini granit va asfalt qoplamali qilib ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.  

Kundalik hayotda ko‘cha bo‘ylab sayr qilish, piyoda ham avtoulovlarda harakatlanish yanada yengillashdi. Shuningdek, ko‘cha yoritkichlarni zamonaviylariga almashtirish, piyodalar yo‘lagi bo‘ylab o‘rindiqlar, yo‘laklar va dam olish joylarini yoritish uchun alohida chiroqlar o‘rnatish ishlarining birinchi bosqichi yakuniga yetkazildi.  

Zafarobod qo‘rg‘oni aholisini munosib sharoitlar bilan ta’minlash, shuningdek, yosh-avlod salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, muntazam jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida qo‘rg‘ondagi 16- va 28-sonli umumta’lim o‘rta maktablari uchun sun’iy qoplamali zamonaviy stadionlar qurildi.  

Korxona rahbariyati tomonidan Zafarobod qo‘rg‘oni aholisiga sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida zamonaviy reanimobil tez yordam mashinasi hamda 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun maktab avtobusi olib berildi.  

Mahalla hududigi mavjud "Yoshlik" sun’iy ko‘lining taklif loyihasi ham ishlab chiqilgan. Loyihaning maqsadi ko‘l atrofidagi hududni modernizatsiya qilish va aholi uchun dam olish maskaniga aylantirishdir. Buning uchun loyihaga uzunligi 850 metr bo‘lgan yugurish yo‘lagi, zamonaviy va xavfsiz o‘yin jihozlari bilan jihozlangan bolalar o‘yingohi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi vorkaut maydonchasi, kechki paytlarda yorug‘lik manbai, shuningdek, ko‘l bezagi sifatida xizmat qiluvchi mayak barpo etildi. Bu esa qo‘rg‘on hududining ekologik muhitini yanada yaxshilab, bahor va yoz mavsumda aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, shaharchada mavjud 31 ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari ta’mirlanib, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari va yoritish tizimlari kapital ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.  

Ayni kunlarda Shodlik ko‘chasiga musiqali favvora qurilishi ko‘zda tutilgan, turli xil tomoshalar o‘tkazishga mo‘ljallangan 400 o‘rinli amfiteatr qurilishi, zamonaviy ko‘rinish va qulayliklarga ega supermarket, fitnes klub barpo etilishi boshlandi.  

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga samarali hissa qo‘shib kelayotgan “Navoiyuran” davlat korxonasi ishchilari va aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Zafarobod qo‘rg‘onida aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib imtiyozli turda kottejlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Yuqoridagi loyihalar amalga oshirilsa, qo‘rg‘on nafaqat Navoiy viloyati miqyosida, balki yurtimizdagi zamonaviy so‘lim go‘zal go‘shalar qatoridan o‘rin oladi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri