Ayni paytda Navoiy viloyati hokimi v. b. Normat Tursunov «O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik» forumida ishtirok etish maqsadida Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib turibdi.
«Transchegaraviy hamkorlik – o‘sishning yangi nuqtalari» mavzusidagi mazkur forum O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari rahbarlari oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda va o‘zaro aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Forumda Navoiy viloyati rahbari so‘zga chiqib, Qozog‘iston hududlari rahbarlari va hokimlarini o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda davlatlarimiz rahbarlaridan o‘rnak olishga chaqirdi hamda bu borada transchegaraviy hududlar namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumki, Navoiy viloyatining Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlari Qozog‘iston Respublikasi Qizilo‘rda viloyatining Qarmaqshi va Shiyeli, Turkiston viloyatining Shardara tumanlari bilan chegaradosh bo‘lib, umumiy chegara 620 kilometrni tashkil etadi.
Qozoq xalqi va Navoiy viloyatini juda ko‘plab tarixiy va qarindoshlik rishtalari bog‘lab turadi.
Butun qozoq xalqi orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan mutafakkir Ayteki Bi Baybekuli aynan shu hududda yashab o‘tgan. Nurotadagi "Ayteki Bi" maqbarasiga Qozog‘istondan har yili minglab mehmonlar tashrif buyuradi. bugungi kunda viloyatda 40 mingga yaqin qozoqlar istiqomat qiladi va bu eng katta diaspora hisoblanadi.

O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Navoiy viloyatining qozog‘istonlik hamkorlar bilan barcha yo‘nalishlardagi ikki tomonlama munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘n oyida Navoiy viloyati korxonalarining Qozog‘iston kompaniyalari bilan tashqi savdo aylanmasi 2020 yilda tovar ayirboshlash hajmiga nisbatan 20 foizdan ortiq o‘sdi.
Pandemiyaga qaramasdan, joriy yilning o‘n oyida mahsulot eksporti 2 barobar, importi esa 1,1 barobar oshdi. Shuningdek, ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun katta salohiyat mavjud.
Viloyat hududida Qozog‘iston sarmoyasi ishtirokidagi 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular asososan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardan iborat. Qozog‘iston Respublikasi hududidagi 3 ta savdo uyida esa Navoiy viloyati korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Forumda 5 ta qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha eksport shartnomalari kelishib olindi. Shu bilan birga, keyingi ikki yilda Qozog‘iston Respublikasi bilan tashqi savdo aylanmasini ikki baravar oshirish rejalashtirilmoqda.
Navoiy viloyati hokimligi
axborot xizmati.