Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyning o‘zi ko‘rgan so‘nggi devoni
12:40 / 2023-02-09

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Uzoq izlanishlardan so‘ng, Hamid Sulaymonov navoiyshunoslikka ma’lum qilgan, ammo tarkibi haqida yetarlicha ilmiy ma’lumotimiz mavjud bo‘lmagan Alisher Navoiy devoni qo‘lyozmasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lindi. Hamid Sulaymonov mazkur devonni “Terma devon” deb atagan. “Terma devon” deganda Navoiy to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy”sidagi bir qism saylab olingan she’rlardan tashkil topgan to‘plamlar tushuniladi.



Mana shu “Terma devon” AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan Metropoliten muzeyi Islom san’ati bo‘limida saqlanayotgan Alisher Navoiyning devoni qo‘lyozmasidir. Ayni devon qo‘lyozmasi mashhur xattot Sultonali Mashhadiy tomonidan 905/1499-1500 yili Hirotda ko‘chirilgan bo‘lib, Navoiy va Mashhadiy o‘rtasidagi so‘nggi ijodiy hamkorlik natijasi sifatida ahamiyatlidir.

Navoiyga mansub ayni devon qo‘lyozmasi muzeyga amerikalik Aleksandr Smit Kokran (1874-1929) ismli san’atsevar tomonidan topshirilgan. U Temuriylar sulolasi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalarni o‘zining Sharqqa qilgan safarlari davomida qo‘lga kiritgan va Nyu-Yorkka olib kelgan. O‘tgan asr boshida qo‘lyozmalarni tavsiflab, ya’ni mazmunini qisqacha ko‘rsatib, katalog tuzgan. Mana shu ma’lumotlarni 1914 yili Amerikada katalog holida ingliz tilida nashr qilgan.



Bu qo‘lyozmalar sirasida Navoiy devonidan tashqari, Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi, Husayn Boyqaro devoni va Abdurahmon Jomiyning devoni bor bo‘lgan. Mazkur qo‘lyozmalarning aksar qismi Husayn Boyqaro saroyida faoliyat olib borgan mashhur xattot Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan.

Aslida, Sultonali Mashhadiy Husayn Boyqaro saroyiga juda yaqin xattotlardan bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur qayd etganidek, Hirotda temuriylar saroyida: “Chiroyli xat bituvchilardan ham ancha kishi bor edi. Lekin barchasining peshqadami nasta’liq yozuvida Sultonali Mashhadiy edi. U Sulton Husayn mirzo va Alisherbekning ko‘plab matnlarini ko‘chirdi. Har kuni o‘ttiz bayt Mirzo uchun va yigirma bayt Alisherbek uchun yozardi”. Bu ko‘p jihatdan asosli fikrdir. Sababi, Metropoliten muzeyida Navoiyning ham, Husayn Boyqaroning ham aynan 1500 yil Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan devonlari qo‘lyozmasi mavjud.

Darhaqiqat, Sultonali Mashhadiy 1465, 1485, 1493 va 1500 yillari Navoiy devonlarini ko‘chirgan. Bular ichida so‘nggi uchta qo‘lyozmani Hirot shahrida ko‘chirib tugatganini Mashhadiy devonlar qo‘lyozmasi so‘nggida qayd etgan. Navoiy 1485, 1493 va 1500 yillari ko‘proq Hirot shahrida bo‘lgan. Demak, Navoiy mana shu uch devon, ayniqsa, 1500 yili ko‘chirilgan va Amerikada saqlanuvchi devoni qo‘lyozmasi tayyorlanayotgan vaqtda Hirotda bo‘lgan. Navoiyning ushbu devon qo‘lyozmasi tayyorlanishida ham muallif, ham muharrir sifatida bevosita ishtirok etgan bo‘lishi, yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, qo‘lyozmani qo‘lida tutgan bo‘lish ehtimoli katta.



Navoiyning 1501 yili 3 yanvarda dunyodan o‘tgani hisobga olinsa, bu shoirning o‘zi ko‘rgan, devonning tartib berilishi jarayonida Sultonali Mashhadiy bilan qilgan eng so‘nggi adabiy hamkorligi natijasi bo‘lishi ehtimoli katta. Mazkur jihat qo‘lyozmaning ilmiy ahamiyatini oshiradi. Navoiyning yuqorida keltirilgan sanasi ko‘rsatilgan qo‘lyozma devonlaridagi she’rlarni yilma-yil, ketma-ketlikda, yonma-yon qo‘yib qiyosiy tadqiq etish shoir ijodi jarayoni, uning she’rlari matnlari ustida qanday ish olib borganligini ilmiy tadqiq etishga yordam beradi.



Ma’lumki, Alisher Navoiy 1492-1498 yillari o‘zining barcha she’rlarini to‘plab, to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy”ni tartib berdi. Bu o‘zbek kitobxoniga yaxshi ma’lum bo‘lgan fakt. Lekin Navoiyning diqqat markazimizda bo‘lgan “Terma devoni” 1500 yili ko‘chirib tugallangan va unda 850 dan ortiq she’r mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”da esa 3130 ta she’r bor. Shunisi qiziqki, “Terma devon”dagi she’rlar “Xazoyin ul-maoniy”dan deyarli to‘rtdan bir marta kamroq. Lekin bu she’rlarning deyarli barchasi “Xazoyin ul-maoniy”dan olingan.12:51

Nima uchun “Xazoyin ul-maoniy”dagi she’rlarning to‘rtdan birini olib, undan ikki yil keyin, hajman to‘rt marta kichikroq “Terma devon” bo‘lgan saylanma she’rlar majmuasini tuzishga ehtiyoj tug‘ildi? Bu Amerikadagi “Terma devon”dagi saylanma she’rlarni kim tanlab olgan? Navoiymi? Sultonali Mashhadiymi? Yoki boshqa bir buyurtmachi? Mazkur savollarga javob topish navbatdagi tadqiqotlarda amalga oshadi?

Aftondil ERKINOV,

Metropoliten muzeyi (Nyu-York, AQSH)

islom san’ati bo‘limi tadqiqotchisi,

filologiya fanlari doktori.

O‘zA