Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyning ona shahri – Hirotga safar
18:43 / 2021-06-10

O‘zbekiston – Afg‘oniston aloqalari, bordi-keldilar yaxshilanmoqda. Buning ma’naviy va madaniy hayotdagi isboti sifatida yaqinda Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdik.

Ayni yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, shu universitet professori Nurboy Jabborov, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majidov, madaniyat vazirining ma’naviy-ma’rifiy va davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi, filologiya fanlari doktori Ma’ruf Yo‘ldoshev va navoiyshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Olim Davlatov, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti kafedra mudiri Ilyos Arabov va adabiyotshunos Gulbahor Ashurovalar ishtirok etdi.

Bizlarni Toshkentdan Hirot shahriga to‘ppa-to‘g‘ri uchgan samolyot eltdi. Guruhimizdan tashqari Hirot konferensiyasiga tashrif buyurgan o‘zbekistonlik olimlarni ham ko‘rdik. Ular samolyotda Toshkentdan Kobulga, undan Hirotga uchib kelibdilar. Yurtdoshlarimiz shoir va jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘lmas Xo‘jayev, Navoiy ijodi ixlosmandi Muqimjon Nurboyevlar uzoq yo‘l bosib, Hirotga kelganlaridan mamnun edilar.

O‘sha kuni konferensiya yalpi majlisida O‘zbekiston tomonidan Ismatulla Irgashev va Shuhrat Sirojiddinov, Afg‘oniston Islom Respublikasi tomonidan Afg‘oniston Prezidenti Administratsiyasi mudiri Muhammad Shokir Korgar hamda Hirot shahar hokimi ishtirok etib, nutq so‘zladilar.

Yana anjumanning yalpi yig‘ilishida buyuk mutafakkir hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilariga Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘ani ham videomurojaat yo‘llab, Mir Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki fors adabiyotida ham muhim o‘rin tutuvchi siymolardan biri ekani, bu ulug‘ zot Afg‘oniston zaminining ham buyuk iftixori ekanini dariy tilida, so‘ng o‘zbek tilidagi ma’ruzasida qayd etdi.

"Aziz va hurmatli vatandoshlar! Amir Alisher Navoiy Afg‘oniston tarixi, madaniyati va ma’naviyatida g‘ururlanishimiz uchun asos beruvchi shaxsdir. Hammamiz uning fikr va g‘oyalaridan foydalanib kelayapmiz”, dedi Afg‘oniston rahbari.

Afg‘oniston Prezidenti kotibiyati mudiri, Hirotdagi Alisher Navoiy konferensiyasi tashkiliy qo‘mitasi raisi Muhammad Shokir Korgar o‘zbek hamda dariy tillarida ma’ruza qildi. Hirot shahar hokimi ayni shahar tarixi to‘g‘risida so‘zladi.

Darhaqiqat, Hirot o‘ziga xos shahar ekan. Juda g‘alati taassurot uyg‘otadi: Hirotda yurar ekanmiz, har qadam qo‘yganimizda bu yerda besh asr avval Alisher Navoiy ham yurganligini dildan his qildik. Xuddi shu muhitdan, havodan Navoiy ham bahramand bo‘lganligi kishiga zavq va g‘urur bag‘ishlaydi.

Yana yalpi yig‘ilishda O‘zbekiston vakili Ismatulla Irgashev o‘zbek va dariy tillarida Navoiyning o‘zbek xalqi madaniy hayotidagi o‘rni haqida ma’ruza qilib, Alisher Navoiy o‘zbek tilini dunyoga olib chiqqan inson, deb ta’kidlaganida zalda o‘tirganlar qarsaklar bilan bu fikrni olqishladilar.

Anjumanda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston singari mamlakatlardan ham bir qator adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi. Buyuk shoir hayoti va faoliyati haqida ma’ruzalar, shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi. O‘zbekistonlik xonanda Ilyos Arabov Navoiy g‘azaliga bastalangan maqomni ijro etdi.

Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy Hirotda tavallud topgan, shu yerda temuriy sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida yashab ijod etgan. O‘z davrida Navoiy rahbarligida Hirotda qator masjidu madrasalar, ta’lim va shifo maskanlari bunyod etilgan. Ul zotning maqbarasi ham ayni shu shaharda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat hukumati hamkorligida Alisher Navoiy maqbarasi qayta tiklandi. Hozirda uning atrofida Navoiy bog‘ini tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

Hirotdagi Alisher Navoiy konferensiyasi tadbirlari doirasida Navoiy maqbarasini ham ziyorat qildik. Navoiy ruhiga atab duolar qilindi. Shunda G‘afur G‘ulomning “Navoiy qabri ustida” (1964 yil) she’ridagi quyidagi misralar yodga keldi:

Dilim ravshanligin hissim yo‘lida oftob aylab,
Mazoring boshida ta’zim ila turmakdadurmen sarhisob aylab,
Qulog‘ing so‘z eshitmas bo‘lsa ham qalbdan xitob aylab,
Vatandoshlar salomin necha jildli bir kitob aylab,
Navoiy deb Musalloga kelibmen intixob aylab...

Hirot azaldan Sharq tamaddunining qadimiy beshiklaridan biri sanaladi. Agar tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, afg‘onistonlik olimlar, madaniy markazlar bilan ham aloqalar o‘rnatilsa, teran tomirlarimizni, mushtarak merosimizni tadqiq etishda yangi-yangi marralar zabt etilgan bo‘lur edi.

Albatta, Afg‘onistondagi bo‘lib o‘tgan urush asoratlari ham sezilib turadi. Shunga qaramay, yana va yana Alisher Navoiy va u bilan yonma-yon yurgan Husayn Boyqaro tasavvurga kelaveradi. Ular ham biz bilan hamsafar bo‘lib tuyulaveradi.

O‘zbekistondan birga kelganimiz, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov bir narsaga diqqatimni qaratdi: Hirotda daraxtlar juda ko‘p emas. Borlari ham, asosan, qishin-yozin yam-yashil bo‘lib turuvchi sarv daraxtlari. Alisher Navoiy she’rlarida sarv daraxti obrazining ko‘p uchrashi, yor qaddi-qomati ta’rifida uning sarvga o‘xshatilishining tabiiy asosi mavjudligini shahardagi sarvlar “isbotlagandek”...

Sho‘ro siyosati, undan keyin Afg‘onistondagi urushlar, tolibon harakati bilan bog‘liq jangu jadallar Hirotdan, Navoiy faoliyat yuritgan muhim markazdan bizni birmuncha uzoqlatib qo‘ydi. Yonimizdagi mamlakatdan ma’nan uzoqlashdik. Qalbda esa Navoiyga muttasil yaqinligimiz yashayverdi. XX asrda umrguzaronlik qilgan o‘zbekistonlik navoiyshunoslarning bir necha avlodi Navoiy maqbarasini bir ziyorat qilsam edi, deya armonda dunyodan o‘tib ketdilar.

Hirot safaridan o‘zim bilan Navoiy qabridan uch siqim tuproq keltirishimda balki ramziy ma’no bordek. Bir siqimini otam navoiyshunos olim Sodir Erkinov qabri tuprog‘iga qo‘shdim. U kishi boshqa navoiyshunoslar singari Navoiy maqbarasini ziyorat qila olmagan bo‘lsalar-da, Navoiy xoki poyidan bir ulush u kishining zaminiy bag‘riga keldi. Yana birisini ustozlarim Aziz Qayumov va Najmiddin Komilov mozoriga olib bordim. Uchinchisini navoiyshunos shogirdimga topshirdim. Zero, u Navoiy tuprog‘iga O‘zbekistonda turib bo‘lsa ham yaqinlashsin. Katta avlod navoiyshunoslari ishini Alisher Navoiy tuprog‘ini qo‘lida va ko‘nglida saqlab davom ettirsin.

Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori.

O‘zA