Navoiy shahrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyat bo‘limi, Navoiy viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda 21 nafar tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan targ‘ibotchilar ishtirok etishdi.
– Maqsad, xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning yetakchiligi, faolligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligini oshirish, kasbiy mahorati ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdir, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Akrom Muqimov. – Shuningdek, ularning bilimlarini mustahkamlash, hushyorlik va ogohlikka chorlash, milliy urf-odatlar ruhida har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan ilg‘or ish tajribalarni ommalashtirishdan iborat.
Yakuniy natijalarga Navoiy shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ijodiy-madaniy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchisi Hulkar G‘afforova hamda Xatirchi tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Komil Parmonov tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlov g‘oliblari va ishtirokchilari diplom, kitoblar jamlanmasi hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA