Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyning boy kutubxonasidan foydalanib ko‘p jildli tarixiy asar yozgan muarrixni bilasizmi?
10:31 / 2025-02-24

Vatanimiz tarixidagi 24 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1498 yil (bundan 527 yil oldin) – tarixchi olim Mirxond vafot etdi. Uning ota-bobolari asli buxorolik bo‘lib, fiqh (islom qonunshunosligi) ilmida mashhur bo‘lishgan. Mirxond Buxoroda madrasani tugatib, otasi vafotidan keyin Hirotga kelgan. Alisher Navoiy unga yirik bir tarixiy asar yozishni topshirgan. Unga Xalosiya xonaqohida joy, maosh tayinlab, o‘zining boy kutubxonasidan foydalanish uchun imkon yaratadi. 

Mirxond shu yerda 1494 yilgacha 7 jildli “Ravzat us-safo fi siyratul-anbiyo val-muluk val-xulafo” (“Payg‘ambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog‘i”) asarining 6 jildini yozib tugatadi. Sulton Husayn va uning avlodi davri tarixiga bag‘ishlangan 7-jildning davomini nabirasi Xondamir (bobosi vafotidan keyin) yozib tugatadi. Dastlabki 6 jild matni Alisher Navoiy tahriridan o‘tadi. 

1865 yil (bundan 160 yil oldin) – Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin tumanida ma’rifatparvar Sharifjon maxdum Sadr Ziyo dunyoga keldi. Asl ismi Ziyovuddin bo‘lib, tug‘ilgan vaqtida otasi Abdushukur Ziyovuddin bekligining qozisi hisoblangan va shu sabab o‘g‘liga mazkur ismni qo‘ygan. Hijriy 1281 yil ramazon oyining 27 kunida tug‘ilgani sababli, keyinchalik, Sharif ismini olgan. U 27 yoshida madrasani tugatgandan so‘ng, amir Abdulahad tomonidan Xayrobod (Jondor) tumaniga qozi etib tayinlanadi. Mazkur lavozim bilan bog‘liq faoliyati 1920 yilgacha, ya’ni Buxoroga qizil askarlarning hujumiga qadar davom etdi. Bu yillar mobaynida u amir tomonidan ko‘plab hududlarga 22 marotaba qozi va rais vazifasiga tayinlangan.

1896 yil (bundan 129 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori tomonidan tasdiqlangan “Buxoro xonligida oltin sanoati” to‘g‘risida maxsus farmoyish e’lon qilindi. Ushbu farmoyish 40 banddan iborat edi. Farmoyishda Buxoro amirligiga qarashli erkin, hali egallanmagan yerlarda mavjud oltin konlarini barcha rus fuqarolari o‘rganishi va tadqiq etishi, oltin qazib chiqarish huquqiga ega ekani qayd etildi.

Tarixdan ma’lumki, Turkiston azaldan ko‘plab tabiiy yer osti va yer usti boyliklariga ega hudud sifatida mustamlakachilarni qiziqtirib kelgan. Hududda mustamlakachilik tuzumini o‘rnatishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – bu mamlakat iqtisodiy resurslaridan imperiyaning iqtisodiy manfaatlari yo‘lida foydalanish bo‘lgan.

1972 yil (bundan 53 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining “O‘zbekiston SSRda ayrim ma’muriy-hududiy masalalarni hal qilish tartibotlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga binoan, respublikada viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar aholisi sonining pastki chegarasi 40 mingdan 30 ming kishiga, tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar toifasiga kiruvchi shaharlar aholisining soni 10 ming kishidan 7 ming kishiga tushirildi. 

Natijada ko‘plab shahar tipidagi posyolkalar yoki boshqa aholi punktlariga shahar maqomi berildi. Aynan shu holat, O‘zbekistonda shaharlar sonining tezlik bilan oshib borishi sabablaridan biri edi. Tarixchi Anoroy Tog‘ayevaning qayd etishicha, 1979–1988 yillar oralig‘ida sobiq SSSRda jami 131 ta shahar paydo bo‘lgan bo‘lsa, shundan 34 tasi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan va bu borada respublikamiz Rossiyadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan.

1979 yil (bundan 46 yil oldin) – O‘zbekistonda madaniy yodgorliklarni muhofaza qiluvchi davlat tizimi – Madaniyat yodgorliklari ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tuzildi. Keyinchalik, uning tarkibida loyihalash instituti, ilmiy-restavratsiya ishlab chiqarish tashkilotlari, shu jumladan, me’moriy yodgorliklarni restavratsiya qilish, konservatsiyalash, ularning dekori bo‘yicha noyob ishlarni bajarishga ixtisoslashgan restavratsiya korxonasi ham tashkil qilindi. Bosh boshqarmaga qo‘zg‘almas va qo‘zg‘aladigan madaniyat yodgorliklarini saqlash ishlari, tasviriy va monumental san’atni rivojlantirish, muzey va ko‘rgazma ishlarini tashkil qilish yuklatildi.

1994 yil (bundan 31 yil oldin) – “O‘zbekiston pochtasi” konserni Butunjahon pochta ittifoqi a’zoligiga qabul qilindi.

1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining «Intelsat» yo‘ldosh aloqasi xalqaro tashkilotiga kirishi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan «Intelsat» yo‘ldosh aloqasi xalqaro tashkilotiga kirish badali sifatida 1997 yilning birinchi choragida byudjetdan 1,1 million AQSH dollariga teng miqdorda mablag‘ ajratilishi belgilandi.

2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«O‘zbekenergo» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA