Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyning benazir ijodi qo‘shiqlarda ham aks etadi
20:34 / 2026-02-09

Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan "Nazm va navo" musiqiy kechasi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Alisher Navoiy she’riyatini, shoir ulug‘lagan  ezgu g‘oyalarni targ‘ib etishda musiqa san’atining ahamiyati beqiyosdir.  

E’tiborga molik jihati,  alloma bobokalonimiz g‘azallari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar xalqimizning ko‘ngil mulkidan joy olgan musiqiy asarlardan sanaladi. Ayni paytda mazkur musiqiy asarlar badiiy barkamolligi, yuksak saviyasi, mukammalligi bilan ajralib turadi.

[gallery-27567]

Ulug‘ shoir ijodiga murojaat etish san’atkorlardan katta mas’uliyat, so‘z san’atining bilimdonligi, milliy merosimiz va tomoshabin oldidagi ulkan burchni astoydil his etishni talaba qiladi.

"Nazm va navo" musiqiy kechasi ayni shu jihatlarni e’tiborga olgan holda tashkil etilgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi. Konsert davomida ustoz san’atkorlar, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli, yosh ijrochilar tomonidan milliy maqom yo‘lidagi musiqiy asarlar ijro etildi.

Jonli ijro asosida tashkil etilgan musiqa oqshomi ishtirokchilarida "Nazm va navo" kechasi katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy she’riyati tengsiz, benazir, bebaho ekani bilan g‘oyat qadrlidir.

Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA