French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyning 580 yilligi jahonning 70 dan ortiq davlatida nishonlandi
17:58 / 2021-11-26

Ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning benazir ijodiyoti, asarlari, ma’rifiy merosi, bebaho hikmatlari hamon jahon ahlini hayratda qoldirmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda mamlakatimizda Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanmoqda.

– Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Navoiy ijodini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor  qaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Qisqa fursat ichida poytaxtimizda Adiblar xiyoboni barpo etildi. Hazrat Navoiyning butun umri oddiy odamlarga yaxshilik qilishga bag‘ishlangan va shu orqali ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘lganlar. Alisher Navoiy vatanparvarlikni iymon ishi, deb bildi. Zero, uning satrlaridagi bunday g‘oya ko‘ngillarda vatanparvarlik tuyg‘usini yolqinlantiradi. Navoiyning barcha asarlari islomiy ma’rifat yog‘dusi bilan yo‘g‘rilgan. Ilohiy ma’rifat nuri bilan munavvar bu ijod asrlar osha kitobxonlar qalbiga yorug‘lik, nur bag‘ishlamoqda. Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ma’rifiy hayotida ulkan voqelik bo‘ldi. Navoiy asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima etildi. Yozuvchi va shoirlarmizning buyuk mutafakkirga bag‘ishlangan asarlari chop etildi. Alisher Navoiy mo‘’tabar zaminimizda Ikkinchi Renessans deb nomlangan tarixiy davrining buyuk namoyandasidir. Uning ulug‘vor g‘oyalari bugun ham g‘oyat dolzarbdir. Zero, Alisher Navoiy adabiyotimizning mangu bo‘stonini yaratgan dahodir.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva Navoiy g‘azali bilan aytiluvchi “Qaro ko‘zum” ashulasini ijro etdi.

Taniqli navoiyshunos olim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov buyuk Navoiy tavalludining 580 yilligi jahonning 70 dan ortiq mamlakatida keng nishonlanganini ta’kidladi. So‘z mulkining sultoni ijodiga oid yuzlab adabiy anjumanlarda dunyo olimlari faol qatnashgani e’tiborga molikdir.

Tantanali tadbir davom etmoqda.

 

N.Usmonova, O‘zA