Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning Samarqandda yashagan davrini navoiyshunoslar to‘rt yil, ya’ni, 1465–1469-yillar deb belgilashadi. Bu davrda Navoiy 25-29 yoshlardagi o‘spirin, shaharda hali tanilib ulgurmagan, musofir yigit edi.
Albatta, yosh shoir bu yerda Ahmad Hojibek, Xoja Ahror Valiy singari taniqli, yuqori martabali insonlar bilan uchrashdi, ularning moddiy va ma’naviy dastagidan bahramand bo‘ldi. O‘z ona yurtidan quvg‘inga uchragach vaqtincha boshpana uchun aynan Samarqandni tanlab adashmagandi. Bu yerda bilim oldi, ijod qildi, tafakkurini o‘stirdi.
Navoiy “Majolisun-nafois” asarida Samarqandda tanishgan bir qancha shoir do‘stlari, ustozlari haqida ma’lumot beradi, ularning she’rlaridan misollar keltiradi. Buyuk shoir bu shaharda ilmiy va ijodiy jihatdan yuksak kamolotga erishdi, deyish mukin.
U Samarqandning tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdi, ulardan hayratlandi. Ulug‘bek qurdirgan rasadxonani “zebi jahon” ya’ni dunyoning ziynati deb atadi. Samarqandni “firdavsmonand” deya ta’riflab, jannat bog‘lariga qiyosladi. Bu shaharda ishq-muhabbat, ezgulikka yo‘g‘rilgan yuzlab g‘azallar bitdi.
Ammo, shoirning Samarqanddagi to‘rt yillik hayoti to‘kis, bekamu-ko‘st, farovon o‘tdi, deya olamizmi? Tarixchi Faxri Hiraviy ham o‘zining “Latoyifnoma” asarida Navoiyning Samarqandda o‘tkazgan yillari haqida yozarkan, Navoiyning o‘zi hikoya qilib bergan bir voqeani uning tilidan bayon etadi:
“...O‘sha vaqtlarda bir kuni kechqurun suvga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Havo juda sovuq edi. Hammomga borishimga to‘g‘ri keldi. Pulim tugagan, yonimda birgina juzvdon (sumka) bor edi. Hammomchiga “shu juzvdonimni garovga olib turing, pul topsam qaytib kelib, qarzingizni to‘lab, opketaman” deb har qancha iltimos qilsam ham olmadi...”
Shundan so‘ng nima bo‘lgani noma’lum. Nima bo‘lganda ham, poklanish umidida borgan shoir eshik oldida bir xasis odam bilan to‘qnashgandi. Tamom.
Har doim shu jumlalarni o‘qiyotgan paytimda xasis hammomchining yonida nochor termilib turgan buyuk mutafakkirimizning mungli nigohi ko‘z oldimga kelaveradi. Buyuk va mo‘’tabar zotdan yarim chelak suvni qizg‘angan bu “yurtdoshimiz” kim bo‘ldi ekan? O‘sha kishi qarshisida turgan bu nochor talabaning shuhrati payti kelib, butun dunyoni tutishini bilganmikin? O‘sha insonning avlodlari bugun qayerda, nimalar bilan mashg‘ul bo‘lsa?...
Ha, taassuffki, bu kabi insonlar Navoiy zamonida ham bor edi, hozir ham to‘lib yotibdi. Bunaqalarni har doim, har yerda uchratish mumkin...
Rustam JABBOROV,
jurnalist.
O‘zA