Qariyb olti asrdan buyon muttasil o‘rganib kelinayotgani buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosining ahamiyati nechog‘liq beqiyos ekani isbotidir.
Savol tug‘iladi: ulug‘ mutafakkir asarlari bugungi zamon kishisi uchun nima beradi? XXI yuz yillikning ikkinchi choragi boshlangan ayni kezda benazir shoir ijodiy merosiga nechog‘liq ehtiyoj bor? Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, ustoz ijodkor Nurboy Jabborov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
– Domla, buyuk shoir va davlat arbobi, ulug‘ alloma Alisher Navoiy ijodini qanday ta’riflagan bo‘lar edingiz?
– Hazrat Alisher Navoiy insonni ikki toifaga bo‘ladi: surat ahli va ma’ni ahli. Surat ahli hamma narsaning faqat tashqi, zohiriy jihatlarinigina anglaydi, asl mohiyatga yeta olmaydi. Bu toifadagi kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ma’no ahli esa har bir hodisaning zohiriyu botinini birday teran idrok etadi. Uning nazarida butun mohiyat xuddi oynadagi kabi ayon bo‘lib turadi. Surat ahli – oddiy avom bo‘lsa, ulug‘ shoiru adiblar, olimu fozillar, avliyolar va nabiylar ma’no (yoki maoniy) ahliga mansubdir. Avom deganda faqat oddiy xalqni tushunmaslik kerak. Joh ahli – moddiy boylik, mansab va shon-shuhrat egalari ham agar ma’nodan bebahra qolsa, avom qatorida bo‘ladi. Aksincha, zohiran oddiy bo‘lib ko‘ringan kishi ham ma’no olamida yuksak martabada bo‘lmog‘i mumkin.
“Lisonu-t-tayr”da er kishini himmat ulug‘lashini ta’kidlar ekan, ulug‘ shoir mana bunday yozadi:
Erga himmatdin berur yuz e’tibor,
Johu mulku ganjning ne daxli bor.
Mol o‘lub gar yo‘q kishining himmati,
Ma’ni ahli ollida yo‘q izzati.
Demak, buyuk mutafakkir dunyoqarashiga ko‘ra, ma’ni ahli nazdida johu mulku ganjning zarracha ham e’tibori yo‘q va ulug‘ darajadagi bu toifaning izzatiga faqat himmat orqaligina erishmoq mumkin. Mashhur tarixchi G‘iyosiddin Xondamir ta’biri bilan aytganda, hazrat Alisher Navoiy “hech qachon himmat etagiga foniy dunyo moliga muhabbat g‘uborini, bu jahon ashyosiga qiziqish gardini yuqtirmagan”i uchun ham ma’no olamida yuksak rutbaga ko‘tarilgan. Men, bir so‘z bilan hazrat Alisher Navoiyni maoniy ahlining sohibqironi, deb atagan bo‘lar edim.
– Bugungi kunda insoniyat hazrat Alisher Navoiy ijodiga qanchalik ehtiyoj sezmoqda?
– Alisher Navoiy adabiy merosi barcha zamonlar, jumladan, bugungi davr uchun ham hayotiy zaruriyatdir. Ulug‘ mutafakkir asarlari nainki muayyan xalq yoki millatni, balki butun bashariyatni ma’naviy tanazzuldan qutqara oladigan quvvatga ega. Hamma gap ul zotning bebaho asarlarini muttasil mutolaa etish va undagi yuksak g‘oyalardan munosib foydalana olishda. Globallashuv shiddati dunyoni tobora kengroq miqyosda tasarrufiga olayotgan, geosiyosiy vaziyat borgan sayin keskinlashib, manfaatlar to‘qnashuvi kishilik jamiyatining buguni va kelajagiga tahdid solayotgan bir zamonda hazrat Alisher Navoiy asarlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora kuchayib bormoqda. Nima uchun? Chunki, buyuk bobokalonimiz asarlari insonni axloqan komil bir maqomga ko‘taradi, ma’naviy illatlarni muolaja etadi.
Odamzodning tabiati qiziq. Butun ongu shuurini egallab olgan loqaydligu beparvolik uni mudom ta’qib etadi. Aqlu tafakkurini aksar hollarda kech ishlatadi. Boy berilgan imkoniyat, isrof qilingan vaqt oldida ko‘pincha ojiz qoladi. Aks holda bugun dunyoning turli burchaklarida kechayotgan notinchligu odamkushlik ro‘y bermas edi. Terrorizm balosidan hech kim jabr chekmas, ekstremizm vabo singari qutqu sololmagan bo‘lar edi...
Tinchlik va osoyishtalik shunday bir ne’matki, odamzod uning qadrini ko‘pincha boy berilgandagina anglaydi. Holbuki, uni o‘z vaqtida qadrlamoq kerak. Ulug‘ mutafakkir hazrat Alisher Navoiy bundan qariyb olti yuz yil narida turib, ko‘ngillarni ana shu haqiqat nuri bilan yoritib turibdi:
Uyki, adno tebranur sokinga xotir jam’ emas,
Ne ajab, gar amn yo‘qtur gunbadi gardon aro.
Baytdagi “adno” – “ozgina”, “sokin” – “yashovchi” ma’nosida kelgan. Ikkinchi misradagi “amn” – “tinchlik”, “gunbadi gardon” – “aylanib turuvchi falak” demakdir. Modomiki uy ozgina tebranar ekan, unda yashayotgan odam xotirjam bo‘la olmaydi. Shunday ekan, mudom aylanib turuvchi falak ichra osoyishtalik yo‘qligi aslo ajablanarli emas, deydi buyuk adib. Tinchlikka, xotirjamlikka erishmoq oson emasligi ifodalangan ushbu baytda.
“Badoyi’u-l-vasat” devonidagi mana bu baytda yuqoridagi fikrning mantiqiy davomini kuzatish mumkin. Jahon osoyishiga erishmoq oson emasligi ayon. Biroq hammasi niyatga yarasha bo‘ladi. Agar inson o‘zini o‘zi mushkulotga duchor qilmasa, osoyishga osonroq ham erishmoq mumkin:
Jahon osoyishin ollingda mushkul qilmakim, bordur
Tutay mushkul desang – mushkul va gar oson desang – oson.
Hazrat Alisher Navoiy o‘gitlari – insoniyatni baxtu saodatga eltuvchi yo‘lchi yulduz. Darhaqiqat, osonlik ham, mushkulot ham insonning o‘ziga: xulqiga, niyatiga, amaliga bog‘liq. Bu o‘gitga amal qilgan odam hech qachon osonni mushkulga aylantirmaydi. Aksincha, mushkulni oson qilish yo‘lini tutadi.
“Umrni g‘animat bil, sihhat va amniyatqa shukr qil”. Buyuk adibning “Mahbubu-l-qulub” asaridan olingan bu so‘zlari nechog‘liq hayotiy va ko‘ngilga yaqin-a! Ya’ni hayotingning har bir daqiqasini ogohlik bilan o‘tkaz, nima uchun yaratilganingni, zimmangda qanday mas’uliyat borligini yodingdan chiqarma, demoqchi shoir. “Sihhat va amniyatqa shukr qil!” Qadim tarixga va beqiyos madaniyatga ega xalqimiz duo qilar ekan, Yaratgandan ikki ne’matni so‘raydi: sog‘lik va tinchlik. Ana shu ne’matlar uchun shukrona bildirish ham millatimizning asl tabiatiga xos. Ulug‘ mutafakkir asarlari ana shu asl mohiyatni ifodalagani jihatidan ham hech bir zamonda eskirmaydi. Avlodlar qalbini ma’rifat ziyosi bilan mudom yoritib kelayotgani sababi shunda.
Buyuk mutafakkir “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida Luqmoni hakim tilidan mana bu e’tirofni yozadi:
“...borcha yukni torttim, burchdin og‘irroq yuk ko‘rmadim va borcha lazzatni tottim, ofiyatdin chuchukrok sharbat totmadim”.
Ya’ni inson zimmasidagi burchni unutishga haqqi yo‘q. Dunyodagi eng totli ne’mat esa, tinchlik va osoyishtalik. Bu ne’matga erishganlar chin ma’noda baxtiyordirlar. Alisher Navoiy ijodini o‘rgangan kanadalik olim Garri Dik mana bunday yozadi: “Biz millatimizni tarbiyalash uchun chin san’atkorlarga muhtojmiz... Haqiqiy taraqqiyot tashqarida emas, insonning yuragida sodir bo‘lishi kerak. Biz Navoiydek shoirlarning o‘z tilimizda ko‘proq so‘zlashlari va kishilarning ulardan ko‘p narsalarni o‘rganishlariga muhtojmiz”.
Bu e’tirof zamirida chuqur ma’no bor. Buyuk bobokalonimizning tinchlik va osoyishtalikka da’vat o‘laroq bitilgan hikmatlari ham buni tasdiqlaydi. Ular xuddi bugungi kun uchun yozilgandek. Insoniyat chin ma’noda saodatga erishmog‘i uchun ana shu hikmatlar mag‘zini chaqmog‘i, ularga amal qilmog‘i zarur. Bu hali masalaning birgina jihati. Bani basharni dunyoparastlik, hirsu havas, nafsu havo botqog‘idan olib chiqishda ham buyuk Navoiy o‘gitlari yo‘lchi yulduzdir. Vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ulari yosh avlod qalbi va ruhiga ulug‘ bobokalonimiz o‘gitlari orqali osonroq va chuqurroq singadi. Hamma gap uni o‘qish va uqishda.
- Alisher Navoiy merosini mukammal o‘rganish shaxsan Sizga nima berdi?
- Buyuk bobokalonimiz merosini o‘rganish mening qalbimga insonni komil, jamiyatni mukammal ko‘rish orzusini joyladi. Umrni behuda yumushlarga sovurmaslik, vaqtni qadrlash, odam va olamning mohiyatini anglash tuyg‘usini soldi ko‘nglimga.
Har nafasing holidin ogoh bo‘l,
Balki anga hush ila hamroh bo‘l.
Boshtin ayog‘ig‘acha qil sarfi Haq,
Tengri sanga yor, o‘qusang bu sabaq.
Masalaning muhim bir jihatiga alohida e’tibor qaratish zarurati bor. Hazrat Navoiy bu fikrlarni nazariy qarashlari sifatida bayon qilibgina qolmay, hayotda ham shunga to‘liq amal qilgan. “Har nafasing holidin ogoh bo‘l, Balki anga hush ila hamroh bo‘l” deganlarida o‘zlari mansub xojagon-naqshbandiya tariqatidagi “Hush dar dam” rashhasi mohiyati badiiy talqin etilgani bunga dalildir. Ma’lumki, unga ko‘ra, ichkaridan chiqayotgan har bir nafas ogohlik va huzur yuzasidan bo‘lishi, g‘aflat unga hech yo‘l topmasligi kerak.
Bu – hazrat Navoiydek ogoh zotlarning hayot tarzi. Biroq bunday saodatga noil bo‘lish hammaga birday nasib etmasligi ham ayon haqiqatdir. Olimlar “inson” va “nisyon” (“unutuvchi”) so‘zlarining o‘zaro aloqador ekanini aytadilar. Darhaqiqat, Odam bolalarining tabiati unutishga moyil. Inson botindan ko‘ra zohirga ko‘proq e’tibor beradi. O‘z mohiyati haqida tafakkur qilish borasida undan ham ko‘ra yalqovrog‘i yo‘q. Nima uchun yaratilgani, zimmasida qanday mas’uliyati borligi xususida ko‘p ham o‘ylayvermaydi. Xo‘sh, u har nafasi holidan g‘aflatda qolsa nima bo‘ladi? Hazrat Navoiy ijodining xos xususiyatlaridan biri shundaki, ul zotning asarlarida mavzu mufassal tadqiq qilinadi, nuktadonlik bilan tahqiq etiladi. Dunyoda nima yomon – g‘ofillik yomon. Bundan ham yomoni, insonning ogohlikdan ko‘ra g‘aflatga moyilroq ekanidir. O‘zining g‘aflatda qolganini anglash ham baxtdan nishona. G‘ofil bo‘lsayu g‘aflatda ekanini ham his etmasa, badbaxtlik bundan ortiq bo‘lmas.
Ulug‘ bobokalonimiz ana shu holni tasvirlar ekan, kishiga undan ham og‘ir motam yo‘qligi haqidagi xulosaga keladi. Inson hazrat Navoiy kabi ulug‘lar merosidan bahra olmasdan ham o‘lmay tirik yashashi mumkindir, balki. Lekin bunday tiriklikda biror ma’ni bormi? Bunday hayotga havas qilib bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. O‘zi yashayotgan har bir lahzani qadrlash, uni ma’naviy kamolotga erishmoq uchun berilgan imkon deb bilish odamzod umriga ziynat bag‘ishlaydi. Uni komillikka chorlaydi. Ana shunday kishilari ko‘p bo‘lgan jamiyat, shubhasiz, ravnaq topadi. Buyuk Navoiy merosi qalbimga ana shunday hikmatlarni soldi. Endi hamma gap ularga munosib darajada amal qila bilishda. Bu yo‘lda jiddu jahd etmoq uchun g‘ayrat va shijoatni, ilm va ma’rifatni ham buyuk bobokalonimiz o‘gitlaridan olish mumkin. Nazarimda, ana shunday tuyg‘ular bilan yashash ulug‘ baxtdir.
– Mazmunli va samimiy suhbat uchun tashakkur, Domla!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi