Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” kutubxonasida II Respublika yoshlar forumi doirasida ichki ishlar organlari yosh xodimlari va xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” intellektual o‘yinining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularni o‘zbek va jahon adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” o‘yini respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.
Kitobxonlik, bilimdonlik bahsining yakuniy natijalariga ko‘ra, barcha raqiblaridan yuqori ball to‘plagan Navoiy viloyati ichki ishlar tizimi yosh xodimlari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Tanlovda ikkinchi o‘rin Surxondaryo viloyati, uchinchi o‘rin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.
“Zukko kitobxon” intellektual o‘yini g‘oliblari Ichki ishlar vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-7752]
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA