Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Soha mas’ullari hamda sportchilar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov qatnashib, hududda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u navoiylik sportchilarning 2025 yil davomida qo‘lga kiritgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, navoiylik sportchilar 2025 yil davomida o‘tkazilgan O‘zbekiston, Osiyo, Jahon chempionati va kuboklari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida jami 1859 ta – 525 ta oltin, 577 ta kumush va 757 ta bronza medallarni jamg‘ardilar. Ularning 1540 tasi O‘zbekiston chempionat va kuboklarida, 116 tasi Osiyo chempionat va kuboklarida, 108 tasi Jahon chempionat va kuboklarida hamda 95 tasi nufuzli xalqaro musobaqalarida qo‘lga kiritilgan.
[gallery-26817]
Jumladan, 2025 yil 22-31 oktyabr kunlari Bahrayn davlatining Manama shahrida o‘tkaziladigan 3-Yoshlar Osiyo o‘yinlari, 25 sentyabr - 9 oktyabr kunlari Ozarbayjon davlatida o‘tkaziladigan 3-MDH o‘yinlari va 7-21 noyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladigan Islom birdamligi o‘yinlarisport musobaqalarining har birida 5 tadan medalga egallik qildi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 7-14 dekabr kunlari o‘tkazilgan V Yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida navoiylik sportchilar para yengil atletika, para tayekvondo, para suzish, para armrestling va para pauyerlifting sport turlari bo‘yicha ishtirok etib, jami 33 ta medal – 25 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eng ahamiyatlisi, nurotalik Asadbek Hojiyev para suzish bo‘yicha 7 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining umumiy g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
Tadbirda qator yutuqlarga erishib, viloyatda sportni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan murabbiy va sportchilarga pul mukofotlari, tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari