Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiylik paxtakorlar zafar marrasiga yetib keldi
19:45 / 2025-10-29

Joriy yilda navoiylik fermerlar 24 ming 730 gektar maydonga chigit qadab, 105 ming 130 tonnadan ziyod ulkan paxta xirmonini bunyod etdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda xorijning ilg‘or tajribalari qo‘llanilayotgani, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilib, fermerlar uchun sohaning daromad manbaiga aylangani viloyat mirishkorlarining yutuqlari yildan-yilga mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. 

Agrotexnika tadbirlarining o‘z vaqtida bajarilishi, ekish davridan boshlab vegetatsiya davrida resurs tejamkor texnologiyalar qo‘llanilib, xarajatlar miqdori kamaytirilishi evaziga bir qator fermer xo‘jaliklarida 50-60 sentnergacha hosildorlikka erishildi.

Garchi ob-havo noqulay kelgan va suv tanqisligi kuzatilgan bu yilgi sharoitda ham viloyat paxtakorlari boy tajribalaridan oqilona foydalanib, mo‘l hosil yetishtirdi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 42,5 sentnerga yetkazilib, yetishtirilgan paxta xomashyosining aksariyat qismi yuqori navlarga qabul qilindi.

Jumladan, Qiziltepa tumanidagi “Vang‘ozi agro eksport”, “Safarobod bog‘i”, “Qurbon Latif”, “G‘olib”, Karmana tumanidagi “Muhiddin Karmana”, “Nasimobod”, “O‘zbekiston”, “Sevoltepa ravnaqi”, Navbahor tumanidagi “Aslonbobo”, “Yangi obod”, “Uchqun olmos”, “Yahyo bobo – 2000”, Xatirchi tumanidagi “Misxol momo”, “Bahor bobo”, “Saxovatli zamin kelajagi” va boshqa o‘nlab fermer xo‘jaliklarida o‘rtacha hosildorlik 45-60 sentnerni tashkil etdi. 

Ta’kidlash o‘rinliki, agroklaster tizimining yo‘lga qo‘yilishi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda yetakchi bo‘lib, aholi bandligini ta’minlashning drayveri bo‘lib qolmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda paxta yig‘im-terimi mavsumini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan qisqa fursatlarda yakunlash maqsadida 757 ta terim otryadlari tashkil qilinib, terilgan xomashyoni qabul shoxobchalariga yetkazib berish uchun 253 ta traktor va 1 ming 41 ta tirkama jalb etildi.

Paxta dalalaridan terib olingan hosil “Baxt tekstil”, “Navbahor tekstil” va “Navoiy Fayzkom tekstil” MCHJ klasterlariga qarashli paxta qabul qilish maskanlariga topshirildi. Maskanlardagi elektron tarozilar to‘liq “agrotarozi” axborot tizimiga ulangan hamda hosil qabuli tizimiga integratsiya qilingan.

Ayni paytda dalalarda hosil mo‘l. Yig‘im-terim jarayoni esa davom etmoqda. 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri