Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiylik o‘quvchilar Finlyandiyada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi
20:17 / 2020-12-17

Joriy yilning 17 dekabr kuni Finlyandiya Respublikasi Lappeyenratna shahri va O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolash bo‘yicha yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkoriligida Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va “Finest Future” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Videokonferensiya formatida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etgan bo‘lsa, Finlyandiya tomonidan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Liivala Mariya xonim, Lappeyenranta shahar hokimi Kimmo Yarva, Finest Bay Area Development asoschisi Peter Vesterbaka va boshqalar qatnashdi.

Xalqaro uchrashuvda davomida Navoiy viloyati hokimligi hamda Finlyandiya Respublikasi Lappeyenratna shahri mutasaddi rahbarlari mazkur hududlarda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar, ta’lim olish imkoniyatlari hamda o‘zaro hamkorlikdan kutilayotgan natijalar haqida tadqimotlar qilindi.

Shuningdek, muzokaralar yakunida Finlyandiya Respublikasi Lappeyenratna shahri va O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, Navoiy viloyatidan 2 nafar 9-sinf bitiruvchi o‘quvchisi Lappeyenranta shahriga kelib, 3 yil davomida ta’lim olishi mumkin. Finlyandiya tomoni har bir o‘quvchining 3 yil davomida mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va o‘qishi uchun 40 ming yevro miqdorida grant ajratadi. Shuningdek, finlyandiyalik o‘quvchilar ham Navoiy viloyatiga kelib o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Uchrashuvda so‘z olgan ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, o‘zbekistonlik mutaxassislar va pedagoglar uchun yetakchi fin olimlari o‘tib berayotgan seminarlar yaxshi samara berayotgani, Navoiy viloyati hokimligi ishtirokida o‘tkazilayotgan bugungi uchrashuv mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu memorandum orqali ikki davlat yoshlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

– Navoiylik litsey o‘quvchilari Finlyandiyaga borib o‘qishi, Finlyandiya oilasida yashashi, Finlyandiyalik talabalar esa Navoiyga kelib o‘qishi, ya’ni talabalar almashinuvi, ikki mamlakat ta’lim tizimi imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu eng avvalo, yoshlarimiz uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi, til o‘rganish, Finlyandiya madaniyati, tarixi, urf-odatlari bilan tanishish, dunyoqarashni kengaytirish va eng asosiysi, ta’lim olish uchun, kelgusidagi turli yo‘nalishlarda xamkorliklar uchun keng yo‘llar ochiladi. Bugun Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati o‘rtasida imzolanadigan memorandum boshlangan samarali xamkorlikning ilk amaliy namunasi sifatida Finlyandiya bilan yangi loyihalar ustida ishlar olib borilishiga asos bo‘ladi deb umid qilaman.

Qayd etish lozim, navoiylik o‘quvchilarning Finlyandiyada ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatni Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasi bo‘yicha Finlyandiya tajribasining o‘rganish, yaqindan hamkorlik qilish va O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning ilk amaliy natijasi sifatida baholash mumkin.