Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiylik jurnalistlar Buxoroda
16:17 / 2022-05-16

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.

Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan 40 nafar jurnalistlar ishtirok etgan sayohat taassurotlarga boy bo‘ldi. Buxoroga sayohat viloyatning Kogon tumanidagi Xoja Bahouddin Naqshband  majmuasi ziyorati bilan boshlandi. ARK qo‘rg‘oni, Buxoro minorasi va bir qator tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlarga borildi. 

– Biz ko‘hna Buxoro shahridagi dunyo havas qilgan ulug‘ qadamjolarni ziyorat qilib, shunday buyuk tarixga ega jannatmakon yurtda yashayotganimizdan yana bir bor g‘ururlandik, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist Olim Xo‘jayev. – Asrlarga teng qarorgohlar, necha ming yillardan buyon savlat to‘kib turgan tarixiy obidalar yurtimizning azaliy madaniyati va ilmiy tafakkuridan so‘zlaydi. 

Sayohat davomida jurnalistlar qadimiy va hamisha navqiron Buxorodagi mashhur obida – Sitorai Mohi Xossani ham tomosha qilishdi. 
– Jurnalistlarning tarixiy bilimlarini oshirishda bunday sayohatlarning o‘rni katta, – deydi Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi radio guruhi katta muharriri Gavhar Turdiyeva. – Zero, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan boy madaniy merosni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish va o‘sha davr ruhiyatini his qilish tarixiy bilimlarni yanada boyitadi. Ayniqsa, bu biz jurnalistlar uchun juda muhim. Kelgusida ham bu kabi sayohatlar tashkil etilishini istaymiz. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” loyihasi doirasida hamkor tashkilotlar ko‘magida OAV vakillari uchun boshqa viloyatlarga ham sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad esa viloyat jurnalistlarini sayohat ko‘rinishida rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashdir. 

Otabek Aslonov, 
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 
Navoiy viloyati bo‘limi raisi 

O‘zA