Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiylik 21 ming nafardan ziyod bolajonlar maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ydi
12:31 / 2023-09-04

Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 365 ta maktabning 1-sinfiga 21 ming nafardan ziyod bola qabul qilindi.  Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etib, mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, o‘qituvchi va yoshlar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar haqida to‘xtalib, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanilib, chuqur bilim olishga, yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishishlariga tilak bildirdi.  

Ushbu maktab tadbirkor Abdukarim Saksonov tomonidan 23 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan bo‘lib, 990 o‘rinli yangi maktab joriy o‘quv yilida foydalanishga topshirildi.  

[gallery-13429]

Tadbirkorning fidoyi mehnatlari, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga ko‘rsatgan beqiyos xizmatlari Prezidentimiz tomonidan ham alohida e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.  

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, 2023-2024 o‘quv yili uchun viloyatdagi 38 ta umumta’lim maktablarida 118,6 milliard so‘mlik qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.  

– Viloyatda har bir maktabdagi o‘quvchilar bilan individual ishlash amaliyoti, ya’ni “Abituriyent shtabi” tashkil etilganligi natijasida bitiruvchilarimizning oliy ta’lim muassasasiga kirish ko‘rsatkichlari oxirgi uch yilda 36 foizdan 46,1 foizgacha o‘sdi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Shuningdek, xalqaro va milliy sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilari soni 2021 yilda 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilga kelib 80 foizga yetdi. Maktablarimiz so‘nggi uch yilda qariyb 3 ming dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.  

Bugun ta’lim sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar bois o‘quvchilar ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, Navoiy shahridagi 8-maktab o‘quvchisi Fozilbek Safarov bir vaqtning o‘zida AQSH, Yevropa, Janubiy Koreya va O‘zbekistonning 12 ta oliygohi talabaligiga qabul qilinib, 382 ming AQSH dollari miqdoridagi grant sohibi bo‘ldi.  

Navoiy shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchisi Suhrob Xalilov esa Xitoy davlatida o‘tkazilgan “Xitoy xalqaro matematika oromgohi olimpiadasi”da bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

Shuningdek, Navoiy shahridagi 7-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Jasurali Shodiyev yaqinda ingliz tilidan xalqaro IELTS sertifikati bo‘yicha 6 ballik natijaga erishib, mamlakatimiz tarixida eng yosh bilimdon sifatida tan olindi va Prezidentimizning maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.  

 

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA.