Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyga «tish qayragan» mulozimlar yoxud uni malomatlardan salomat chiqarish uchun bitilgan buyruq...
16:24 / 2023-01-30

Navoiyni o‘qib, uni anglayotgan, asarlarini, undagi ilmni, tarbiyani, qadriyatlarni bizga aytishga intilayotgan insonlarning fikrlarini ko‘proq tinglash va yoshlarga yetkazish bizning asosiy vazifamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova Navoiy ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar qilayotgan yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.

Suhbat jarayonida Navoiyning bizga qoldirgan ma’naviy merosi naqadar ulkan ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

– Qariyb 40 yildan beri Navoiy ijodiga oshnosiz. Navoiyni o‘qib, ko‘proq nimani angladingiz?

– Eng avvalo Navoiyning buyukligini, insonparvarligini, u olg‘a surgan ezgu, ulug‘vor g‘oyalarni angladim. O‘zbek tilida samarali ijod qilib, ona tilimizni o‘z davrida 30 dan ortiq ta’sirli asarlarga muhrlab qo‘yganini angladim. Navoiyni yaxshi anglashim uchun Temuriylar davri tarixini, uning buyuk zamondoshlarini o‘rgandim. Chunki Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da 770 nafar shayx, orif, mutafakkirlar, «Majolis un- nafois»da esa 459 nafar adib, shoir, muarrixlarga ta’rif bergan.

Ular ijodini ma’lum ma’noda tushunishim uchun hamda mumtoz adabiyotimizga falsafiy sarchashma bo‘lgan Qur’oni karim, Islom va Ka’ba, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam tarixini, ya’ni 4 ta tarixni mustaqil o‘qib o‘rgandim.

Temuriy hukmdorlarga Afv institutini eslatgan Navoiy o‘z davrida zamondoshlari orasida Shams ul-millat, Makorim ul-axloq, Ravshanzamir amir, Adolatpesha amir degan rutbalarga sazovor bo‘lgan. 

Navoiy bizga asarlarida kasbda kamolga erishish, ilmparvar, kechirimli bo‘lish, ixlos, tavba eshigini qanday topish, hidoyat yo‘liga kirish, hattoki Bismillahir-Rohmanir rohiym oyatini qanday aytishni ham o‘rgatgan. «Hayrat ul-abror» asari 19 ta arab grafikasidan iborat bo‘lgan Bismillahir-Rohmanir rohiym oyati karima bilan boshlanib, Navoiy 19 ta harfga 19 ta bayt bag‘ishlagan. Shu 19-baytni takrorlab yurishni yaxshi ko‘raman. 

Ya’ni:

Yo‘l yomonu yaxshisidin yema g‘am,

Bismilloh degilu qo‘yg‘il qadam.

Yoki dahoning yana bir hikmati bilan tavba undaydi:

Gar bir so‘z dedim: Astag‘firulloh.

– Navoiy bilan Husayn Boyqaroni bir-birisiz tasavvur qilish qiyin. Shoir bilan podshohni nima uchun atrofidagilar yaqinlashtirmaslikka harakat qilishgan? Ular o‘rtasidagi munosabatlar haqiqatmi?

– Temuriylar uyg‘onish davrining fozil va mulkdor insonlaridan biri, bu — buyuk Navoiy hisoblanadi. Xuroson davlati Temuriylar boshqaruvida bo‘lib, poytaxti Hirot, Movarounnahrning poytaxti esa Samarqand bo‘lgan. Hirot madaniy muhitida Sulton Husayn Boyqaro, Navoiy, Jomiy kabi buyuk insonlar yashagan. Ularning munosabatlari risoladagidek bo‘lib, davlat ishiga, adolat masalasiga, mamlakat taraqqiyotiga, el-ulus manfaatiga bitta shaxs bo‘lib qarashgan.

Bobur «Boburnoma» memuarida Navoiy haqida 16 ta qimmatli ma’lumot, xabar yozib qoldirgan. Masalan, Navoiy bilan Sulton Husayn Boyqaro davlat ishlari bilan bog‘liq bir sir haqida gaplashishadi. Navoiy davlat arbobi sifatida Sulton Husayn Boyqaroga «bu gap ikkalamizning o‘rtamizda qolsin, boshqa davlat mulozimlari bexabar bo‘lsin», deydi. Husayn Boyqaro «qaysi gap», deydi. «Navoiy zakiy do‘stining javobidan mutaassir bo‘lib yig‘laydi», deya yozgan Bobur. Jomiy va Navoiyning buyuklik darajasiga erishishida va muhtasham asarlar bitib qoldirishida Sulton Husayn Boyqaroning e’tibori, homiyligi juda katta rol o‘ynagan.

– Tarixdan ma’lumki, Navoiyning ukasi Darvish Ali davlat mulozimi sifatida biroz xatolarga yo‘l qo‘yib, Husayn Boyqaroning qahriga uchraydi. Navoiyga «tish qayragan» dushman yoki ayrim mulozimlar fitnasidan uni asrash uchun Husayn Boyqaro bir buyruq chiqargan ekan. Buni qanday izohlaysiz, asoslar bormi?

– Hayot bor ekan, raqobat ham bor. Do‘stlik gullagan joyda tikan ham bo‘lishi tabiiy. «Malomatga shoh ham, gado ham tushadi», deb bejiz aytishmagan. Gap malomatga tushishda emas, o‘sha malomatli vaziyatdan salomat chiqib ketishda. Husayn Boyqaro Navoiyni ko‘pgina malomatlardan salomat chiqib ketishida katta yordam bergan.

G‘arazli odamlar Darvesh Alining xatosidan foydalanib Navoiyni har tomonlama sindirishga harakat qilgan. Bunday fitnadan xabar topgan Husayn Boyqaro butun Xuroson davlati bo‘ylab Navoiyga hech qanday daxl qilinmasligi bo‘yicha maxsus buyruq (nishon) chiqargan.

Darvish Ali voqeasi va bu nishon haqida matbuotlarda xabar va maqolalar e’lon qilinsada, biroq nishonning to‘liq tarjimasi ilm ahllari diqqatiga havola qilinmay kelinardi. 1982 yil uning o‘zbekcha tarjimasi e’lon qilindi.

Sulton buyrug‘idagi matnning ayrim qismlarida:

«Taxtimiz tayanchi, zafarlarga yo‘ldosh farzandlar, sof ra’yli va osmon savlatli amirlar, qalbi quvnoq sadrlar, oliy qadrli vazirlar, davlat arkonlari, olijanob hazrat (Sulton)ning ayonlari va shuningdek, ulug‘ sayyidlar tabaqasi, izzatli ulamolar va mashoyixlar, barcha aholi va avom, turku, arabu ajam guruhlari – hamma bilsin!...

...Hokimlar dorug‘alar, dorussaltana Hirot va buluklar aholisining tutishlari lozim bo‘lgan yo‘l shuki, ular (amirning) yuksakligi va qudratliligini bizning davlat bilan egizak deb bilib, uning bizga yaqinligi va mahramligini ming bor ortiq tasavvur qilsinlar, u kishiga va qarindoshlariga nisbatan Sultonning mehribonligi va shafqati kundan-kunga taraqqiyda, deb bilsinlar, (amirning) muhim ishlarida ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlashni bajo keltirsinlar, nuqsonga yo‘l qo‘yishdan o‘zlarini tiysinlar va ehtiyot bo‘lsinlar!

Oliy farmonga muvofiq – uning joriyligi kecha-kunduzlar boqiy ekan, davom etsin.

Muborak Ramazon oyining yigirma to‘rtinchisida 898 (9 iyul, 1493) yili bitildi».

Ushbu buyruq hamma joyga tarqatilgan. O‘zining bolalikdagi sodiq do‘sti, adolatparvar amir daho so‘z san’atkori, saxiy mulkdorini saqlab qolish uchun bunday buyruq chiqarishi tarixda juda kamdan-kam uchraydi.

– Hukmdorning yonida turadigan vazirlarda ko‘proq qanday fazilatlar bo‘lishi kerak?

– Hamma davrlarda ham hukmdorga ishonchli odamlar juda kerak. Navoiy qariyb 35 yil davlat mulozimi bo‘lib ishlaydi. Navoiy o‘z asarlarida yaratgan Osaf, Mulkaro singari ijobiy xarakterdagi vazirlarning badiiy obrazi timsolida uning o‘zi bilan tanishamiz. U muhrdor, vazir, bosh vazir, amiri kabir, ya’ni Husayn Boyqaroning davlat boshqaruvida eng yaqin odami bo‘lgan. Xalqni, el-yurtni muntazam tinch, barqaror saqlash ham juda katta mahorat talab qiladi.

Navoiy hukmdorlarni «Allohning yerdagi soyasi», deb izoh bitar ekan, yerdagi soya davlatni tinch, adolatli, barqaror boshqarishi uchun ishonchli, hukmdor va xalqning tuzini biladigan mulozimlarning xizmati juda katta ekanini, ular mulk ishiga ko‘ngil ishi deb qaramasliklarini aytib o‘tgan.

Masalan, «Holati Sayid Hasan Ardasher» asarida hukmdor uchun “...Yaxshi mulozimlardin yaxshiroq, zaruriyroq hech nima bo‘lmas», degan jiddiy xulosani olg‘a surgan.

Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA