Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyga ruh bergan ona tilim
15:00 / 2021-10-21

Tilshunos olimlarning ta’kidlashicha dunyoda yetti mingga yaqin tillar mavjud bo‘lib, shulardan ikki yuztasigina davlat tili yoki rasmiy til hisoblanadi. Yana shunday tillar borki ular bilan sanoqli odamlar muomalaga kirishadilar.

O‘zbek tilining davlat tillari qatoridan joy egallashi uning lug‘aviy boyligidan dalolat beradi. Ta’kidlash o‘rinliki bugungi kunda dunyoda ellik milliondan ortiq odamlar o‘zbek tilida muloqotga kirishadilar.

Navoiyga ruh bergan, Bobur sog‘inchini ifodalay olgan, Mashrab, Nodira, Uvaysiy she’riyatining shiradorligiga hissa qo‘shgan ona tilimizdir.

Turkiy xalqlarning dastlabki qomusiy lug‘ati hisoblangan «Devonu lug‘otit turk» buyuk mutafakkir ajdodimiz Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan bitilgan. O‘n asrdan oshdiki ushbu bitik o‘z qadrini, qimmatini zarracha yo‘qotmadi. Aksincha, uni istovchilar, unga intiluvchilar, uning sahifalaridan ruh, kuch oluvchilar soni yildan yilga oshib bormoqda. Navoiy bobomiz esa turkiy tilni haqiqiy xalq tiliga aylantirdi, ona tilimizni sayqallab bordi. Mutafakkirlar ichida eng ko‘p so‘zdan foydalangan Alisher Navoiy tilimiz qudratini butun olamga namoyon eta olgan shaxsdir.

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni. Bu sana Toshkent shahridagi Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida ham keng nishonlandi. Ta’kidlash joiz, ushbu oliy o‘quv dargohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Institutda talabalar mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishlari uskunalari va ularni avtomatlashtirish, traktorsozlik, payvandlash ishlab chiqarishi uskuna va texnologiyalari, metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti, intellektual qurilmalar, mashinalar va ishlab chiqarish, kompyuter mexatronikasi, sanoat korxonalarining innovatsion loyihalarini boshqarish, xizmat ko‘rsatish sohasi (avtomobillar), transport logistikasi, bino va inshootlarning issiqlik-gaz ta’minoti va ventilyatsiyasi, biotexnik va tibbiy apparatlar va tizimlar yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishmoqda.

Sana munosabati bilan institutda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda “Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati” a’zolari O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Ilm-fan va innovatsiyalar bo‘limi boshlig‘i, falsafa doktori, Turon Fanlar akademiyasi akademigi Guljahon Mardonova hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, shoir Mansur Yunusovlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv mehmonlari o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etdilar.

Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan ona tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidlandi.

Davraga yig‘ilgan talabalar, o‘qituvchilar jonli muloqotga kirishib, qizg‘in tusdagi savol-javoblarga guvoh bo‘ldilar.

 

O‘zA