French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyga oshno insonning hech qachon karvoni adashmas
23:10 / 2021-11-24

Keyingi yillarda adabiyotimizda tarixiy mavzularga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Fitrat, Oybek domlalar boshlab bergan Navoiy obrazini yaratish an’anasi bor edi. Ammo bu an’ana ancha payt sukut saqladi. Navoiyga alohida urg‘u berilishining sababi bor. Hazrat Navoiy millatning kimligini, ma’naviyatini, o‘zligini ko‘rsatadigan shaxs. U haqda yoziladigan asar ham shunga munosib bo‘lishi kerak.

A.Navoiy asarlarini necha yuz yillar davomida tushunib o‘qigan va bugun ham anglab o‘qiyotgan insonlar o‘z yuraklarini og‘ritib qiynayotgan savollarga, o‘z zamonasiga oid barcha ma’naviy va ruhiy muammolarga javob topa oladi. Ana shunday ma’naviy quvvatga ehtiyoj sezgan ijodkorlar esa  Navoiyni qayta-qayta o‘rganaveradi, kashf qilaveradi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton ham mutafakkir hayoti va ijodini yanada mukammal o‘rganishga bel bog‘ladi. Natijada yozuvchi qalamiga mansub “Alisher Navoiy” romani bunyod bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida adibning “Alisher Navoiy” romani taqdimoti o‘tkazildi.

– Hayotdan xidoyat qidirgan odam borki uni hazrat Navoiy ijodidan so‘rasa shak-shubhasiz topajak, – deydi yozuvchi Isajon Sulton. – Kimki Navoiyga oshno ekan, hech qachon uning karvoni adashmas.  

Prezident ta’lim muassasalari tasarrufidagi Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchisi Xolida Abduxoliqova Navoiy asarlarini sevib mutolaa qilishini ta’kidlab o‘tdi. U o‘qiyotganida tashqi dunyoning barcha muammolarini unutadi. Kitoblardan oq bilan qorani ajratib olishni, insonlarni ko‘proq qanday hislatlarini o‘rganish kerakligini anglaydi.

Tadbirda so‘z olgan Turkiyalik ijodkor Fotma Achuk so‘zlaridan o‘zbek adabiyotidagi qaysi shoiru yozuvchilarning asarlariga qiziqishi borligini  bilib oldik.

– 2002 yildan buyon o‘zbek adabiyotini o‘rganyapman, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Fotma Achuk. – Abdulla Oripov, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Muhammad Alining kitoblarini o‘qib, shular to‘g‘risida maqolalar yozib, chop ettiryapman. “O‘zbek adabiyoti”, deb nomlangan kitobimda o‘zimga yoqqan hikoyalarni jamlab, turk tiliga tarjima qildim. Yana Rauf Parfi she’rlari menga judayam yoqadi.

Yozuvchi va shoirlar ta’kidlaganidek, Navoiy g‘azallarini tushunish qiyin, masnaviysini o‘qish ham oson emas. Lekin Isajon Sultonning bu romanini o‘qigan odam Navoiyni anglashi, o‘z ma’naviyatini boyitishi birmuncha oson bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Nigora Rahmonova,

O‘zA