Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyga ehtirom
18:12 / 2026-02-09

Yurtimizda buyuk mutafakkir, davlat arbobi va mumtoz adabiyotimizning zabardast namoyandasi Hazrat Mir Alisher Navoiy merosini ulug‘lash, uning bebaho ma’naviy xazinasini keng targ‘ib etishga qaratilgan ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Navoiy viloyatining Navbahor tumanida ham tashkil etildi.

G‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tuman markazidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida buyuk bobokalonimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor ramzi sifatida Alisher Navoiy siymosi aks etgan haykal barpo etildi.

Keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar hamda yoshlar ishtirok etgan tadbirda Alisher Navoiyning o‘zbek adabiyoti va milliy tafakkur taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, uning asarlarida mujassam bo‘lgan yuksak insoniy g‘oyalar haqida atroflicha so‘z yuritilib, yoshlar buyuk ajdodimiz asarlarini chuqur o‘rganish, ulardan hayotda samarali foydalanishlari lozimligi ta’kidlandi. 

Tadbir davomida haykal poyiga gulchambarlar qo‘yilib, buyuk mutafakkir xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Shu bilan birga, mushoira kechalari, badiiy chiqishlar va madaniy dasturlar tashkil etilib, Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan g‘azallar va she’rlar ijro etildi. 

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida, korxona va tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda. 

A.Bo‘riyev, O‘zA