Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Navoiyga ehtirom” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir “Bilimdonlar maskani” hududida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda viloyat hokimligi vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari a’zolari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, milliy madaniy markazlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, tarjimon va tilshunos olim, balki davlat va jamoat arbobi sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. U butun umri davomida 80 ta masjid, 52 ta rabot, 16 ta ko‘prik, 4 ta madrasa va 1 ta kutubxona qurilishiga homiylik qilgan. Navoiyning boy ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilinib, jahon jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
[gallery-27561]
Navoiy ijodining so‘nmas qudrati uning teran falsafasi, boy va rang-barang poetik obrazlari, inson ulug‘vorligi hamda ma’naviy kamolot haqidagi g‘oyalarida namoyon bo‘ladi. Uning asarlari bugungi kunda ham milliy davlatchiligimiz va ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin tutadi.
Ulug‘ shoir butun ijodi davomida yoshlik kuch-qudratini, inson qalbining pok va samimiy tuyg‘ularini ulug‘lagan. Jumladan, “Mahbub ul-qulub” asarida u shunday yozadi:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.
Navoiyning ko‘plab ruboiy va dostonlari inson qadrini ulug‘lash, xalqqa hayot baxsh etish, jamiyatda adolat va baxtga erishish yo‘llarini ko‘rsatishga qaratilgan. Ayniqsa,
Odamiy ersang demagil odami,
Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
degan mashhur bayt ulug‘ shoir hayoti va faoliyatidagi asosiy hayotiy prinsiplardan biri bo‘lganini yaqqol ifoda etadi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiyning she’riy va nasriy merosini chuqur o‘rganish, uni yosh avlod qalbiga singdirish muhimligini alohida ta’kidladilar. Ulug‘ mutafakkir ijodi insonparvarlik, adolat, ma’rifat va vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etib, milliy ona tilimiz so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini yanada boyitishda beqiyos ahamiyatga ega.
Tadbirning ikkinchi qismi viloyat musiqali drama teatrida “Alisher Navoiy — buyuk davlat arbobi va ma’naviyat gultoji!” nomli bayram dasturi shaklida davom etdi. Dastur doirasida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, maqom ansambli ijrosida musiqiy chiqishlar hamda she’riy bahslar namoyish etildi.
– Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarimizni milliy-ma’naviy va tarixiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda vatanparvarlik, milliy g‘oyaga sadoqat va ajdodlarimiz merosidan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyati hokimligi davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘aybulla Yusupov.
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan mushoiralar, adabiy va musiqiy kechalar, turli bayram dasturlari viloyatdagi barcha ta’lim muassasalari hamda madaniy jamoalarda izchil davom etmoqda.
G‘ulom Primov, Anvar To‘ychiyev (surat), O‘zA