Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Yoshlar festivali” davom etmoqda
12:48 / 2020-12-22

Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar festivali” har bir yosh qalbiga o‘zgacha hayajon baxsh etmoqda.

Ayniqsa, o‘tkazilayotgan tadbirlarda yoshlarimiz faolligi va tashabbuskorligi bilan alohida ajralib turibdi.  

Navoiy shahridagi “San’at galereyasi”da tashkil etilgan modalar hamda tasviriy san’at ko‘rgazmalarida ham  viloyatdagi iste’dodli, iqtidorli yoshlarning chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.  

– Men ushbu festival munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda o‘z modalar kolleksiyam bilan qatnashdim. Bu esa menga juda katta ishonch va mas’uliyat yukladi. Ayniqsa, tomoshabinlarning yuksak e’tibori meni mamnun etdi. Va kelajakda bundanda katta ko‘rgazmalarda ishtirok etishni o‘z oldimga maqsad qildim, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Marjona Eshnazarova.

“Yoshlar festivali” doirasida Navoiy shahridagi IIV huzuridagi akademik litseyida “Manguberdi yoshlari” klubi a’zolarining umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

[gallery-538]

Hududdagi umumta’lim maktablaridan tashrif buyurgan yuzdan ortiq o‘quvchilar dastlab litsey hayoti bilan tanishdilar. So‘ngra ushbu dargohning katta majlislar zalida yoshlar bilan viloyat IIB mas’ul xodimlari ochiq muloqot o‘tkazdi. Savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuvda har bir yosh Vatanga sadoqat, yurtga fidoyilik xislatlarini Jaloliddin Manguberdi timsolida o‘zlarida yana bir bor his etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Festival haftaligi doirasida “Navoiy Avto savdo” MCHJda yoshlarning tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda Navoiy viloyati hokimining investitsiya va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Nazirjon Jo‘rayev, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Asliddin G‘aybullayev yoshlarga viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning huquqlarini himoya qilish va chet el investitsiyalarini jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Yosh tadbirkor Sardor G‘afforov tadbirkorlik faoliyati, erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Nurota tumani hokimligi katta majlislar zalida esa o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yurtimiz ravnaqida beminnat xizmat ko‘rsatish niyatida bo‘lgan yoshlarimiz uchun biznes trenerlar maktabi rahbari Merey Amanbayeva tomonidan  “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

100 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan davra suhbatida o‘z faoliyati bilan barchaga namuna bo‘lib kelayotgan “GRAND MEDICAL SENTER” oilaviy klinikasi rahbari G‘olib Karimov yoshlarga muvaffaqiyatga erishishning omillari haqida o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda so‘zlab berdi. Mutaxassislar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi.  

“Yoshlar festivali” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Abduvali BO‘RIEV,  

Siroj Aslonov (foto), O‘zA