Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Yil ayoli” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi
11:31 / 2025-12-04

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari – viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyorova so‘zga chiqib, yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatda 716 nafar ayol boshqaruv organlari, korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 63 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni, 34 nafar xotin-qizlar esa “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.  

Bu yilgi tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida 125 nafar xotin-qiz ishtirok etdi va ularning 54 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida qatnashdi.

[gallery-26548]

Har yilgi an’anaga ko‘ra, bu yil ham “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi chilangar ayoli”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”,”Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” kabi 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.  

– O‘zim bir necha yillardan buyon Navoiy mashinasozlik zavodida mehnat qilib kelmoqdaman, – deydi “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasi g‘olibasi Mashhura Rahimova. – Yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar muhtarama opa-singillarimizning mazkur islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishiga turtki bo‘lmoqda. Ularning ushbu jarayonlarda erkaklar bilan birgalikda muvaffaqiyatlarga erishib kelayotganini alohida e’tirof etish zarur. To‘g‘risi, tanlovning respublika bosqichiga yo‘l olaman, deb o‘ylamagandim. Aslida menga raqiblik qilgan barcha dugonalarim va opalarim kuchli hamda ushbu milliy tanlovga alohida tayyorgarlik ko‘rganliklari yaqqol sezilib turdi. Turli nominatsiyalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan opa-singillarimiz tanlovning respublika bosqichida ham viloyatimiz sharafini munosib himoya qiladi.

Tadbirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari