Bugun farzandi har tomonlama sog‘lom bo‘lishini istagan ota-onalar o‘g‘li yoki qizini qaysidir sport turi bilan mashg‘ul qilgan. O‘g‘il bolalar ko‘proq jismoniy kuch, harakat ishlatiladigan sport turiga berilsa, qizlar nozik harakatli mashg‘ulotlar bilan band qilingan. Bunda ayniqsa yosh qizchalarga sportning badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanish juda qo‘l keladi. Chunki badiiy gimnastika sport turlari orasida eng maftunkoridir.
Badiiy gimnastika go‘zal qad-qomat, nafis harakatlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda, qizlarda sog‘lom axloq va keng dunyoqarashni shakllantirishda ham beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugun sportning ushbu nafis va jozibali turi bilan qizlar mamlakatimizning barcha hududlarida, hatto, eng chekka qishloqlarda ham shug‘ullanmoqda.

Sportning badiiy gimnastika turini qizlar o‘rtasida ommalashtirish borasida Navoiy viloyatida ham xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Navoiy shahar Gimnastika turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha "Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalarining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bellashuvda Navoiy shahar, Qiziltepa, Karmana hamda Xatirchi tumanidan tashrif buyurgan iqtidorli sportchilar o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqalar yakunida sport musobaqalari doirasida mintaqaviy bosqich g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi.
N. Rahmonova, O‘zA