Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda yangi korxona ish boshladi
21:09 / 2023-07-24

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmush farovonligi ko‘p jihatdan yangi korxonalarning tashkil etilishi hamda ularda eksportbop, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishiga bog‘liq. Bu borada Navoiy viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, yuqori texnologiyalar asosida yangi ishlab chiqarish majmualari ishga tushmoqda.

Navoiy viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 5 mingtaga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat boshlagan bo‘lsa, ularda o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgan. E’tiborlisi, jarayonlarga xorijiy sarmoyadorlarning jalb etilishi, zamonaviy, tejamkor texnologiyalarning kirib kelishi orqali yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, Karmana tumanida “ZARAFSHON INDUSTRIAL TECHNOLOGY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xitoylik hamkorlar bilan qiymati 46 million AQSH dollari bo‘lgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi.  

[gallery-12872]

– Uch yildan buyon O‘zbekistondagi hamkorlar bilan faoliyat yuritamiz, bu yerda tadbirkorlar va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan, – deydi xitoylik mutaxassis D.Z. Ming. – Mazkur ishlab chiqarish majmuasi oxirgi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, maxsus dasturlar asosida boshqariladi. Barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulot to‘liq jahon standartlariga javob beradi.  

Yuz foiz import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan loyihaning yillik quvvati 200 ming tonnani tashkil etib, texnologik asbob-uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan. 100 yangi ish o‘rni yaratilgan korxonaning yillik eksport quvvati 5 million dollarni tashkil etadi.  

– Bugungi kunda korxonaning kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida birinchi bosqich ishlari yakunlanib, sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi o‘z faoliyatini boshladi, – deydi korxona ish yurituvchisi Fayzullo To‘rayev. – Sulfat kislota ishlab chiqarish jarayonida katta bosimdagi bug‘ ajralib chiqadi. Bundan ham unumli foydalangan holda bug‘ trubinalari o‘rnatganmiz. Hozirda 1,4 megavatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 70 foizini qoplamoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichida antraxinon ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu mahsulot trikotaj mahsulotlarini bo‘yashda, shuningdek, poligrafiya va lok-bo‘yoq sanoatida ishlatiladi.  

Ayni paytda korxonada Xitoy davlatining nufuzli kompaniyalarida ishlab chiqarilgan qurilmalarni mahalliy mutaxassislar boshqarmoqda.  

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA