Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda travmatolog-ortopedlar o‘zaro tajriba almashdi
15:33 / 2023-10-15

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston travmatolog-ortopedlarining “Yirik bo‘g‘imlar jarohatlari va ortopedik kasalliklarni davolashning innovatsion usullarini tadbiq qilish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda 20 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq hamda respublikamizning barcha hududlaridan 150 nafarga yaqin tajribali shifokor ishtirok etdi.  

Dastlab ishtirokchilar travmatologiya va ortopediyada qo‘llaniladigan zamonaviy dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Xususan, oxirgi yillarda suyak va bo‘g‘im kasalliklari hamda sinishlari diagnostikasi bo‘yicha zamanoviy chet el texnologiyalari amaliyotga tadbiq etilmoqda.  

– So‘nggi yillarda Navoiy viloyatida 128 ta birlamchi tibbiy yordam muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 246 taga yetkazilib, 2 baravarga oshirildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev. – Birgina joriy yilning o‘zida viloyatda yangidan 27 ta oilaviy shifokorlik punkti, 2 ta oilaviy poliklinika hamda 89 ta mahalla tibbiyot punktining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 300 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. Ushbu sohani rivojlantirish uchun 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.  

Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida tajribali shifokorlar ko‘magida ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyatning o‘zida amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 1358 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, Bolalar milliy markazi bilan birgalikda 59 nafar bolada yurak tug‘ma nuqsonlarini bartaraf qilish borasida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, yaqinda Zarafshon shahrida ilk bor buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

2022 yilda 25 nafar shifokor xorijiy davlatlarda malaka oshirgan bo‘lsa, joriy yilning 9 oyi mobaynida ular soni 79 nafarga yetdi.  

Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limida 213 nafar bemorda travmatologiya-ortopediya yo‘nalishida yuqori texnologik amaliyotlar olib borildi. Jumladan, ushbu anjuman doirasida Navoiy viloyatida xalqaro mutaxassislar ishtirokida 32 nafar bemorda travmatologiya-ortopediya yo‘nalishida amaliyotlar master-klass ko‘rinishida o‘tkazildi.  

– Bugungi anjumanga o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan tajriba almashish, shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘zkazishda yordam berish maqsadida keldim, – deydi anjuman qatnashchilaridan biri italiyalik Alberto Belluati. – Ta’kidlash kerakki, bu yerdagi jarrohlarning bilim darajasi yuqori ekan. Tajriba almashish jarayonida bunga amin bo‘ldim. Mazkur anjumanda ko‘plab yangi amaliyotlar va asbob-usqunalar haqida so‘z yuritildi. O‘ylaymanki, bugungi anjuman O‘zbekistondagi hamkasblarning malaka toifasini yana bir pog‘ona oshiradi.

[gallery-14036]

Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari 4 ta shu’baga bo‘lingan holda travmatologiya va ortopediya sohasining dolzarb muammolari bo‘lgan masalalar – tayanch-harakat a’zolarining jarohatlari va kasalliklarining oldini olish, tashxislash va davolash, osteosintezning eng yangi zamonaviy usullari, yirik bo‘g‘imlarning artroskopiyasi va endoprotezlash, umurtqa jarrohligi, bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi masalalari, osteoporoz muammolari kabi mavzularda ma’ruzalar qilishdi.  

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida O‘zbekiston travmatolog-ortopedlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar yakunlari va ularning amaliy natijalari umumlashtirildi. Sohani yanada rivojlantirish yo‘llari, ilmiy izlanishlarning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari.