Navoiy shahrida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini tabriklab, tizimda erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtaldi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson hayoti uchun muhim va zarur sohalardan biri bo‘lgan – sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.



E’tiborlisi, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar bugun o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.




– So‘nggi yillarda viloyatimizda 128 ta birlamchi tibbiy yordam muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 246 taga yetkazilib, qariyb 2 baravarga oshirildi, – dedi viloyat rahbari. – Shuningdek, joriy yilning o‘zida viloyatda yangidan 27 ta oilaviy shifokorlik punkti, 2 ta oilaviy poliklinika hamda 89 ta mahalla tibbiyot punktining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 300 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. Ushbu sohani rivojlantirish uchun 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.
O‘tgan yilda 20 ta ob’ektda 86,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 20 ta ob’ektda 53,9 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan tibbiy muassasalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Joylarda, ayniqsa, qishloqlarimizda aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Bu tizimli islohotlar bois, tajribali shifokorlar ko‘magida ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyatning o‘zida amalga oshirilishiga imkoniyat yaratildi. Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 1358 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shuningdek, Bolalar milliy markazi bilan birgalikda 59 nafar bolada yurak tug‘ma nuqsonlarini bartaraf qilish borasida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ular sog‘lom hayotga qaytarildi.



Bundan tashqari, yaqinda Zarafshon shahrida ilk bor buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Albatta, bu jarayonda soha xodimlarining malakasini oshirish, ularning xalqaro tajriba asosida ish olib borishi muhim o‘rin tutadi. Shu bois, 2022 yilda 25 nafar shifokor xorijiy davlatlarda malaka oshirgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida ular soni 79 nafarga yetdi. Buning natijasida yangi davolash va tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilib, chet el tajribasini viloyatda tatbiq etish orqali tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilmoqda.
Xorijiy tibbiyot muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Rossiya, Hindiston va Yaponiya davlatlaridagi yetakchi klinika va tibbiyot markazlarining malakali mutaxassislari viloyatga taklif qilinib, ular ishtirokida tadbirlar o‘tkazilmoqda.


Tadbirda Prezidentimiz farmoniga asosan taqdirlangan viloyat endokrinologiya dispanseri endokrinologi Marifat Nurillayevaga II darajali “Salomatlik” ordeni, Konimex tumanidagi “Sarjal” oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori Kaljan Tashpanbetovaga “Do‘stlik” ordeni, bir guruh soha fidoyilariga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish maqsadida shahar va tumanlar tez tibbiy yordam bo‘limlariga 20 dona “Volkswagen Caddy” rusumli maxsus jihozlangan tez tibbiy yordam mashinalari topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari